Kecha, 31 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat universitetida talabalarga majburan kitob sotilayotgani to`g`risida post qo`yildi. Mazkur holat Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan tezkor o`rganildi.
Unga ko`ra, universitet ma`muriyati jamoatchilik kengashi bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzib, holatni o`rganib chiqdi xamda vaziyatga oydinlik kiritildi.
Ma`lum bo`lishicha, haqiqatdan ham, universitetning filologiya fakulteti 1-bosqich talabalariga ularning ta`lim yo`nalishidan kelib chiqqan holda oliygoh “O`zbek adabiyotshunosligi” kafedrasi professori Xanifa Solixova xamda shoir Muxammadjon Maxjuriyning kitoblari targ`ib qilish hamda qiziquvchilarga ixtiyoriy sotib olishi uchun tarqatilgan.
Holat yuzasidan universitet rektori hamda tuzilgan ishchi guruh a`zolari guruh sardorlari va talabalar bilan alohida-alohida suhbatlashgan. Talabalarga har qanday salbiy holatlar ro`y bersa, rektoriga murojaat qilishlari yoki universitetning rasmiy telegram kanali botiga anonim tarzda xabar yuborishlari mumkinligi eslatib o`tilgan.
Tarqatilgan kitoblar qaytarib olingan, ushbu holatlarni yuzaga kelishiga sababchi bo`lgan kafedra mudiri H.Karimovga ogohlantirish berilgan.
Oliy ta`lim muassasalarida talabalar va professor-o`qituvchilaridan noqonuniy pul yig`imlariga yo`l qo`yilmaydi va vazirlik tomonidan bunday holatlar sodir bo`lganda qonuniy choralar ko`rilishidan barcha OTM rektorlari (filial direktorlari) ogohlantirilgan.
Shu bilan birga vazirlik talabalar o`rtasida kitobxonlikni targ`ib qilish, kitobsevar yoshlarni rag`batlantirish yo`lidagi sa`y-harakatlarni qo`llab-quvvatlaydi.