Qizning niyati o`zini suvga tashlash bo`lmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda "O`zini Sirdaryoga tashlamoqchi bo`lgan qiz qutqarib qolindi" sarlavhasi ostida yoritilgan xabar To`raqo`rg`on tuman xalq ta`limi bo`limi tomonidan batafsil o`rganib chiqildi, deya xabar beradi Namangan viloyat xalq ta`limi boshqarmasi Axborot xizmati.
Aniqlanishicha, xabarda bayon etilganidek To`raqo`rg`on tumanidagi umumta`lim maktabida o`quvchi qiz Mingbuloq tumanida yashovchi otasini ko`rgani ketayotib, Sirdaryo ko`prigi ustida to`xtagan, ammo uning niyati suvga tashlash bo`lmagan.
Sirdaryo ko`prigida xizmat faoliyatini olib borayotgan Milliy gvardiyaning viloyat Qo`riqlash boshqarmasi xodimlari undan so`rashganida ham shu haqda aytgan.
Shunga qaramay milliy gvardiya xodimlari uni dastlab ichki ishlar bo`limiga olib kelib, keyin u o`qiydigan umumiy o`rta ta`lim maktabiga kelib, maktab direktori va o`qituvchilar jamoasi bilan ushbu masalada yig`ilish o`tkazishgan. Yig`ilishda pedagog hodimlarga o`quvchilar tomonidan o`z joniga qasd qilish holatlarini oldini olish bo`yicha tushunchalar berilgan.
Shuningdek, o`quv yili davomida maktab psixologlari tomonidan suisidga moyillikni aniqlovchi testlar olinganda, test natijalariga ko`ra bu o`quvchida ham suisidga moyillik kuzatilmagan.
Ushbu holat yuzasidan u bilan suhbatlashilganda ham o`z joniga qasd qilish niyati yo`qligini ta`kidlagan.
Holat yuzasidan aytish mumkinki, o`quvchining maqsadi faqat otasining uyiga borib-kelish bo`lgan xolos.
Umumta`lim muassasalarida psixologlar, ma`naviyatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va keng jamoatchilik ishtirokida o`quvchilar o`rtasida ma`naviy-ma`rifiy ishlar, ularda psixologik immunitetni kuchaytirish, ruhiy tushkunlik kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan tarbiyaviy ishlar, ota-onalar va yaqinlari ishtirokidagi muloqotlar, oila - mahalla - ta`lim muassasasi hamkorligi borasidagi faoliyat doimiy va izchil yo`lga qo`yilgan bo`lib, bu boradagi ishlar yanada keng qamrov bilan olib borilmoqda.