Kecha Qarshi shahridagi madaniyat va aholi dam olish markazida kengaytirilgan yig`ilish bo`lib o`tdi. Unda viloyat hokimi boshchiligida Qarshi shahrida shu kungacha o`tkazilgan o`rganish natijalari atroflicha muhokama qilindi. Bu haqida Qarshi shahar hokimligi Axborot xizmati ma`lum qilmoqda.
Yig`ilishda o`rganishlar davomida sanitariya-gigiena talabiga javob bermaydigan mahsulot ishlab chiqarish va sotish, shaharsozlik normasiga mos bo`lmagan qurilishlarga ruxsat berish, noqonuniy, o`zboshimchalik bilan qurilishlarni amalga oshirish holati aniqlangani aytib o`tildi. Mutasaddilarning bee`tiborligi, o`z vazifasini to`laqonli bajarmagani bunga asosiy sabab sifatida ko`rsatildi.
Shularni hisobga olib, Qarshi shahar davlat sanitariya-epidemiologiya markazi bosh shifokori O.Cho`liev, Qarshi shahar qurilish bo`limi boshlig`i Sh.Bo`ronov egallab turgan vazifasidan ozod etildi. Qolaversa, Qarshi shahar hokimining o`rinbosari U.Avazov ham jiddiy ogohlantirildi va unga ishni to`g`ri tashkil qilish, yo`l qo`yilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 1 oy sinov muddati berildi.
Bundan tashqari, Qarshi shahrida noqonuniy savdo faoliyati oldini olishga lozim darajada e`tibor qaratmagani uchun Qarshi shahar soliq inspeksiyasi boshlig`i K.Qurbonovning ishda qolish yo qolmaslik masalasini ko`rib chiqish viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig`iga topshirildi.