AsosiyJamiyat

IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari ta`lim muassasalarida huquqiy targ`ibot tadbirlarini o`tkazmoqda

'IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari ta`lim muassasalarida huquqiy targ`ibot tadbirlarini o`tkazmoqda'ning rasmi

Bugungi kunda mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”, “Jaholatga qarshi – ma`rifat” degan ustuvor g`oyalarni ijtimoiy hayotda qaror toptirishda yoshlarni vatanparvar, mard va jasur, sadoqatli va halol etib tarbiyalash dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Ushbu ustuvor vazifaning muhimligidan kelib chiqib, IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida ta`lim muassasalarida ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar va huquqiy targ`ibot tadbirlarini ham uyushtirishmoqda. 

Xususan, Andijon viloyati Xo`jaobod tumanidagi31-sonli, Paxtaobod tumanidagi 16-sonli hamda Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi 4-sonli, Boyovut tumanidagi 52-sonli umumta`lim maktablari o`quvchilari ishtirokida o`tkazilgan uchrashuvda “Tinchlik va osoyishtalikni saqlashda yoshlar mas`uliyati” haqida so`z yuritildi. 

O`tkazilgan tadbirlarda vatanparvarlik har bir davlat hayotining ma`naviy asosi hisoblanishi va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon bo`lishi haqida so`z yuritildi.

Shuningdek, yoshlarda yuksak ma`naviyat va qonun ustuvorligi asosida yashash, el-yurtga sadoqat, adolat, halollik va jasorat kabi olijanob fazilatlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga alohida e`tibor qaratildi.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga etish, mahallalarda sog`lom muhitning barqarorligini ta`minlash hamda o`z Vatanining ravnaqi yo`lida yoshlar mas`uliyati amaliy misollar orqali tushuntirib berilmoqda. 

– IIV Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari tomonidan maktab o`quvchilari bilan o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbir bizlar uchun katta saboq bo`ldi, – dedi Andijon viloyati Xo`jaobod tumani 31-sonli umumta`lim maktabining 11-sinf o`quvchisi Azizbek Yuldashev. – Tadbirda yurtimizda biz yoshlarga yaratilayotgan sharoitlardan samarali foydalanish, tinchlikni qadriga etishimiz, ushbu bebaho ne`matni saqlashda nima ishlar qilishimiz lozimligi to`g`risida aniq misollar bilan tushuntirildi. Shuningdek, “Yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi” mavzusida o`tkazilgan viktorina biz o`quvchilarda katta taassurot qoldirdi, unda berilgan savollar qiziqarli bo`ldi. Bunday tadbirlarning muntazam o`tkazilishini xohlar edik, negaki ular orqali biz huquqiy bilimlarimizni ham oshirdik. Tashkilotchilarga katta rahmat.

– Maktabimizda poytaxtimizdan kelgan mutaxassislar tomonidan o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbir tengdoshlarim qatori, menda ham katta taassurot qoldirdi, – deydi Shirin shahridagi 4-sonli umumta`lim maktabining 11-sinf o`quvchisi Mohira Ne`matjonova. – Yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga etishi, uni asrab-avaylashga hissa qo`shishda har bir kishining mas`uliyati, burchi haqida tushunchalar berildi hamda o`tkazilgan viktorina orqali biz o`zimizga tegishli ma`lumotlarni oldik. Ayniqsa, “Siz vatanparvarlik, adolatparvarlik, halollik, odillik, sadoqatni qanday tushunasiz?” degan savolga o`quvchilarning turli yondashuvlari bilan bahs-muzokaraga aylanib ketdi. Bu tadbirni tashkil etgan Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga, Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilariga minnatdorchilik bildirib qolamiz. 

Hay`at a`zolari o`quvchilarning faol ishtiroki hamda bilimlari yuzasidan ijobiy fikr bildirib, yuqori o`rinlarni egallagan jamoa a`zolariga esdalik sovg`alari topshirildi. 

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, seminar-treninglar, ta`lim muassasalarida targ`ibot tadbirlari hamda kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar