AsosiyJamiyat

Xitoyga anor eksportiga yo`l ochildi

'Xitoyga anor eksportiga yo`l ochildi'ning rasmi

Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Bosh vaziri Li Kesyanning joriy yil 1-2 noyabr kunlari respublikamizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida ikki davlat o`rtasida meva eksport-importini amalga oshirish bilan bog`liq 2 ta muhim kelishuv hujjati imzolandi.

“O`zdavkarantin” inspeksiyasi axborot xizmati bergan ma`lumotga qaraganda, imzolangan birinchi kelishuv natijasida, mevalarni avtotransportlarda uchinchi mamlakat hududidan tranzit orqali Xitoyga eksport qilish imkoniyati yaratildi va buni amalga oshirish bo`yicha talablar belgilandi.

Endilikda tadbirkorlar yangi uzilgan (Xitoyga eksport qilinishiga ruxsat etilgan) mevalarni Qozog`iston orqali Xargos va Alashankou hamda Qirg`iziston orqali Irkishtom va Turgart chegara o`tkazish punktlaridan Xitoyga avtotransportlarda olib o`tishlari mumkin bo`ladi. Kelishuvda shuningdek, eksport qilinadigan mahsulotlar bo`yicha asosiy talablar sifatida quyidagilar sanab o`tilgan:

- mevalar xavfli zararkunanda kasallik va begona o`tlardan holi bo`lishi;

- mahsulotlar o`simliklar karantini inspektori nazorati ostida avtotransportga yuklanishi, muhrlanishi hamda tegishli ma`lumotlar fitosanitar sertifikatda aks ettirilishi lozimligi;

- mahsulotlar tranzit orqali olib o`tilayotganda avtotransport birligining muhri buzilmaganligi, mahsulotlar qadog`i o`zgartirilmaganligi, unga zarar etkazilmaganligi kabilar.

Shu bilan birga, xitoylik yuqori martabali mehmon tashrifi davomida anor mevasini Xitoyga eksport qilish bo`yicha ham kelishuv imzolandi.

Bunda maxsus belgilangan talablarga rioya etish so`ralgan, aks holda eksportga yo`naltirilgan mahsulotlar chegara punktlaridan qaytarilishiga sabab bo`lishi mumkin.

Ma`lumot o`rnida: Hozirgi kunga qadar, Xitoyga 12 turdagi qishloq xo`jaligi mahsuloti eksportiga ruxsat olishga erishilgan. Jumladan, gilos, qovun, achchiq qalampir, anor, mosh, qobiqsiz grek yong`og`i, shirin va achchiq bodom, uzum danaklari, kunjut, shuningdek quritilgan mahsulotlardan, mayiz va o`rik qoqisini ushbu mamlakatga eksport qilish mumkin.

Hozirda qo`shimcha ravishda 15 ta mahsulotlar eksportiga ruxsat olish bo`yicha muzokaralar davom etmoqda. Uzum, limon, xurmo, olma, anjir, olxo`ri, shaftoli, tarvuz, piyoz, loviya, eryong`oq, shuningdek, quritilgan mahsulotlardan, achchiq qalampir, olxo`ri va qovun shular jumlasidandir.

    Boshqa yangiliklar