Qoraqalpog`iston Respublikasida bunyod etilishi boshlangan Ustyurt gaz va kimyo kompleksining qurilishi uchun 3,9 milliard dollar mablag` sarflanadi, deya xabar qiladi kun.uz Uzbekistan Today axborot agentligiga tayangan holda.
Ushbu loyiha hududda neft va gaz sohasidagi ishlab chiqarish imkoniyatlarini modernizasiya qilish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Bu kompleks neft kimyosi sohasidagi eng yirik loyiha bo`lib, nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham ko`lami bo`yicha tengsiz bo`lishi aytilmoqda.
Bu kompleks orqali 2016 yildan boshlab, hududda yiliga 4,5 milliard kubometr tabiiy gaz qazib olinishi, 387 ming tonna yuqori sifatli polieetilin, 83 ming tonna polipropilen va 100 ming tonna kimyolangan benzin ishlab chiqarilishi mumkin bo`ladi.
Shuningdek, minglab yangi ish o`rinlari yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Qurilish ishlari 2012 yilda boshlangan ushbu kompleksda ayni paytda ish suratlari tezlashtirilgan.
Ushbu loyihani amalga oshirishda Janubiy Koreyaning “Kogaz”, “Lotte”, “STX Energy” va mahalliy “O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyalari hamkorlikda ish olib borishmoqda. Shu vaqtgacha 1,4 milliard dollar hajmidagi ishlar bajarib bo`lingan. Keyingi 1 yil davomida yana 2,5 milliard dollarlik ishlar qilinadi.
Loyihani moliyalashtirishda Osiyo taraqqiyot banki, Koreya Rivojlanish banki, Korea Finance Corporation, China Development Bank , ING (Niderlandiya), Germaniyaning KfW, Bayern LB, Siemens Bank nomli banklari, Shveysariyaning Credit Suisse banki hamda Shvasiyaning Nordea, SEC banklari ham ishtirok etishmoqda.
Xalqaro miqyosda nashr etiladigan Project Finance International nashri bu loyihani gaz va neft kimyosi bo`yicha 2012 yilda ishlab chiqilgan eng yaxshi loyihasi deb e`tirof etgan. Trade Finance Magazine va Global Trade Review tomonidan esa, “2012 yilning eng yaxshi loyihasi” deb tan olingan. Shuningdek, Infrastructure Journal nashri bu loyihani “2014 yilning neft va gaz sohasidagi eng global loyihasi” sifatida qayd etgan.





