AsosiyJamiyat

Qashqadaryolik 11 yoshli Javlonbek quyosh energiyasida harakatlanadigan traktor modelini yaratdi

Qashqadaryo viloyati G`uzor tumanidan bo`lgan ixtirochi quyosh energiyasi bilan harakatlanadigan universal traktor modelini yaratdi. Ahamiyatli jihati shundaki, ixtirochi Javlonbek Do`styorov endigina 11 yoshni qarshi olgan, deb xabar beradi daryo.uz «Nigoh» yoshlar axborot portaliga asoslanib.

«Ushbu traktor serquyosh yurtimizda va Markaziy Osiyo mamlakatlarida, ayniqsa, qo`l keladi, — dedi Javlonbek. — Yonilg`i sarflamaydigan traktordan paxta va boshqa qishloq xo`jaligi o`simliklariga ishlov berish jarayonida foydalanish mumkin. Uning ustki qismini yaratishda toshbaqa kosasidan andoza oldim. Chunki men yaratgan traktor quyosh energiyasi yordamida harakatlanadi, bunday ustki qismning soyasi bo`lmaydi, energiyani tez va ko`p to`plashga imkon beradi».

«Shogirdim yaratgan traktorning ishlash jarayoni oddiy, — dedi ustozi Saydullo Qoraboev. — U xuddi quyosh energiyasini elektr energiyasiga aylantiradigan moslamaga o`xshaydi. Bu ixtironing bugungi kundagi ahamiyati, dizayni va texnik talablari borasida jiddiy bosh qotiryapmiz. Ma`lumki, hozirda quyoshdan olinadigan energiya bilan bog`liq loyihalar ko`proq amaliyotga tatbiq etilgani ma`qul. Sababi quyosh energiyasi ekologiyaga xavf solmaydi, shu bilan birga, kamxarajat ekanini ham inobatga olish kerak».

Javlonbek shu yil «Sog`lom bola — buyuk ishlarga qodir» shiori ostida o`tkazilgan «Yilning eng yosh ixtirochisi» respublika ko`rik-tanlovida qatnashib, «Eng yosh ishtirokchi» nominasiyasi bo`yicha g`olib deb topildi.

    Boshqa yangiliklar