Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi “Tuyaboshi”, “Toshqishloq”, “Tuyul”, “Guzarnafas” MFY hududida yashovchi fuqarolar qabristonga mayit qo`yishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Sababi to`rtta mahallaga xizmat ko`rsatuvchi qabristonda bo`sh er maydoni yo`q.
Ma`lum bo`lishicha, bugun aholi marhumlarni 15-20 km uzoqlikdagi qabristonlarga dafn etmoqda. Uch yil avval “Tevaboshi” mahallasidagi bo`sh yotgan “Yangier” maydonida tuman hokimligidan hulosa olinib, 3 gektar maydonda qabriston tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ammo o`sha paytdagi tuman hokimi tashabbusi bilan boshlangan ishlar, hokim vazifasidan ketgach, negadir to`xtab qolgan.
Shundan so`ng fuqarolar bu masalada xalq deputatlari Kitob tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a`zosi Yo`ldosh Tursunovga murojaat qilgan. Unda aynan qabriston uchun ajratilgan qo`shimcha er masalasida norozilik bayon etilgan.
Xalq vakili Y.Tursunov partiya tuman kengashi vakillari bilan murojaatni o`rganish uchun mahallaga bordi. Shikoyat yo`llagan fuqarolar bilan uchrashdiva ularning e`tirozlarini tingladi.
Fuqarolarning aytishicha, dafn etish joylari uchun er ajratish, tashkil qilish, saqlash va ulardan foydalanish belgilangan qoidalarga asosan amalga oshiriladi. Lekin mas`ullar yangi qabriston uchun haligacha bo`sh er maydoni ajratmayapti.
“Joriy yilning yoz oylarida bir guruh fuqarolar mahalla yaqinidagi bo`sh er maydonini qabriston uchun ajratishni so`rab murojaat qilgan edi. Shu sababli murojaatni o`rganib, bu masala yuzasidan tuman hokimligi, tuman obodonlashtirish boshqarmalariga so`rov yubordim. Biroq hech qanday natija bo`lmadi, e`tibor sust!”, – deydi Y.Tursunov.
Ha, bugun Kitob tumanida mazkur masala yuzasidan shunday nizoli holat yuzaga kelgan. Agar ushbu masalaga tuman mutasaddilari jiddiy e`tibor qaratishsa muammoga echim bo`lishi mumkin.