Xabaringiz bor, bir muddat oldin Toshkentda Carrefour xalqaro brendining supermarket va gipermarketlari tarmog`i ochilayotganligi haqida xabar qilgan edik. Mazkur yangilik yurtimizda faoliyat ko`rsatayotgan ko`plab tarmoq supermarketlar uchun munosib raqobatchi bo`ladi. Jumladan Makro va Korzinka.uz supermarketlari uchun. Bu haqda Korzinka.uz supermarketlar tarmog`i rahbari Zafar Hoshimov ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasi orqali munosabat bildirdi:
“Fransiyaning Carrefour brendi do`konlarining ochilishi haqidagi xabar biz uchun kutilmagan holat bo`lmadi.
Bu haqda gaplar chamasi bir yildan beri yurgan edi. Rostini aytsam, qiziqib kutgan edik.
Chunki Carrefour tarmog`ining O`zbekistonga kirishi qator ijobiy yangilik va qiziqarli lahzalar va`da qiladi.
Birinchidan, mamlakatning chakana bozori rivojlanishi Carrefour kabi xalqaro ishtirokchi e`tiborini tortishi darajasiga chiqqanligi mahalliy sharoitda so`nggi o`n yilliklarda chakana savdoni rivojlantirish yo`lida tinimsiz ishlagan tarmog`imiz uchun o`ziga xos e`tirofdir.
Iste`mol bozoriga bunday qiziqish va uning imkoniyatlarini tan olinishi sohadagi shubhasiz etakchi sifatida tarmog`imizning kapitallashuviga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.
Turli brendlar va formatlarning paydo bo`lishi butun bozor hamda uning har bir ishtirokchisini rivojlantirishga xizmat qiladi, ayniqsa, iste`molchilar uchun bu juda yaxshi yangilik. Ishonchim komilki, Carrefourdan ko`plab jihatlarni o`zlashtirib, o`rganamiz. Albatta, Carrefour ham biz va bozorimiz haqida bilib olishlari kerak bo`lgan xususiyatlar mavjud.
Iktisodimiz uchun yangi formatlar va savdo kanallari, iste`molchilar uchun esa tanlov hamda xilma-xillik oshishini anglatadi. Bularning barchasi zamonaviy savdo formati hamdabu format mijozlari bazasini kengaytiradi. Nima bo`lishidan qat`iy nazar, barcha bozor ishtirokchilari faqat yutadi.
Raqobatdan qo`rqyapmizmi? Yo`q.
Tushuntiraman. 30 milliondan ortiq bozor uchun zamonaviy tarmoq chakana sektori hali ham kam rivojlangan. O`zingiz uchun xulosa chiqaring, faqatgina poytaxtning o`zida birlamchi ehtiyojdagi oziq-ovqat va zaruriy mahsulotlar yalpi iste`moli bo`yicha butun boshli zamonaviy chakana savdo tarmoqlari ulushi atigi 9%. Va bu, takror aytaman, viloyatlarga taalluqli emas. Umuman olganda esa, mamlakatda ayni ko`rsatkich yana ham past bo`ladi.
Taqqoslash uchun, qo`shni Qozog`istonda ko`rsatkich 45% dan ortiq, Rossiya esa 75% dan ortiqni tashkil etdi. Evropa va AQShda ayni raqamlar 90%ga yaqinlashib qolgan.
Bizning bozor hali o`sishi kerak, uning to`lib ketishi, keskin raqobat hosil bo`lishi uchun xali ancha bor. Bizda, mahalliy zamonaviy savdo tarmoqlarida hozircha bitta umumiy asosiy raqib - bozorlar va tizimsiz savdo mavjud. Biz, ya`ni mavjud zamonaviy chakana savdo ishtirokchilariga, mavjud yutuqlarimizga qaramasdan, bu jangda yolg`iz kurashish juda mushkul edi. Shunday ekan, safimizga yangi jangchini mamnuniyat bilan qabul qilamiz, ayniqsa, u olib keladigan vositalar va bilimlarning butun tajribasi va arsenalini hisobga olganda, bu juda salmoqli yordam.
korzinka.uz haqida gapiradigan bo`lsak, biz, har doimgidek, shiddatli, kuch-quvvatga to`la va yangi yutuqlar hamda kashfiyotlarga tayyormiz. Va eng muhimi, xaridorlarimizga doim sodiq qolamiz, taqdim etilayotgan xizmatlar va mahsulotlarimiz sifatini yanada rivojlantiramiz”.