Qozog`iston Energetika vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi va Milliy xavfsizlik qo`mitasi olti oy davomida avtotransportda mamlakatdan neft mahsulotlarini olib chiqishni taqiqlovchi qo`shma buyruqni imzoladi. Hujjat dushanba kuni “Adilet” normativ-huquqiy hujjatlar veb-saytida e`lon qilindi.
“Olti oy davomida EOII TIFTN kodlarining 2709, 2710, 2902, 3403, 3811 guruhlariga tegishli tovarlarning (Evrosiyo iqtisodiy ittifoqi tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi, neft mahsulotlariga taalluqli) transport vositalari orqali Qozog`iston Respublikasi hududidan olib chiqilishi taqiqlansin.
Avtotransport vositalarining ishlab chiqaruvchisi tomonidan taqdim etilgan va texnik shartlarga muvofiq o`rnatilgan benzobaklar, shuningdek, hajmi 20 litrdan ko`p bo`lmagan alohida idishlarda eksport qilish hollari bundan mustasno”, — deyiladi matnda.
Qozog`iston Energetika vazirligi matbuot xizmatibuyruq 2 noyabrdan kuchga kirganini ma`lum qilgan. Avvalroq, idora mamlakatda benzin va dizel yoqilg`isining chakana narxlari Rossiya, O`zbekiston va Qirg`izistonga nisbatan past ekani, bu respublika chegarasiga yaqin viloyatlarda tranzit transportlari orqali yoqilg`i-moylash materiallarining yuqori iste`moliga olib kelayotganini ta`kidlagandi.
Oktyabrda AI-92 markali benzin Qozog`istondagi AYoQShlarda 1 litri 150−155 tenge (3750 so`m) atrofida bo`lgan.