Qozog`istonning Turkiston shahrida “Turkistan: One way – One history”xalqaro turistik forumi o`tkazildi. Tadbirda mamlakatimizdan O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Aziz Abduhakimov, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov, shuningdek tegishli davlat va javoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.
“O`zbekistonda 2016 yildan turizm strategik sohalardan biri sifatida belgilab olindi, shu bois qo`shni davlatlar bilan yaqindan hamkorlik qilish va qo`shma loyihalarni yo`lga qo`yish ustuvor yo`nalishlardan biri hisoblanadi. Shunday ekan, bugungi kunda Ipak yo`li zonasini yaratishga doir loyihani amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Bugun biz aniq natijaga erishish yo`lida hamkasblarimiz bilan ushbu masalani yana bir bor muhokama qilamiz”, - dedi Aziz Abduhakimov o`z nutqida. Shu bilan birga, turistlar oqimi, investorlar uchun imtiyozlar hamda O`zbekistonda turizm sohasida kuzatilayotgan o`zgarishlarga oid ma`lumotlar taqdim etildi.
“2018 yildan boshlab O`zbekiston Prezidenti qarori bilan turizm infratuzilmasini rivojlantirish, turistik mahsulotlar diversifikasiyasi hamda sayyohlarni jalb qilish bo`yicha chora-tadbirlar qabul qilindi. Buyuk Ipak yo`li mamlakatlarida turizmni tiklash borasida faol ishlar olib borilmoqda. Yirik reyting agentliklari O`zbekistonni turizm sohasi eng jadal rivojlanayotgan mamlakatlardan biri sifatida e`tirof etmoqda, turizm rivoji dinamik ko`rsatkichlari O`zbekiston tarixida eng katta o`sishni namoyish etmoqda”, - dedi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi rahbari Abdulaziz Aqqulov. Bundan tashqari, Qo`mita raisi viza rejimining soddalashtirilgani, vizaning alohida turlari hamda ikki tomonlama munosabatlar rivoji haqida so`zladi.
Xalqaro forum ixorijiy mamlakatlar vazirliklari vakillari, turizm sohasidagi taniqli mutaxassislar, xalqaro biznes hamjamiyati, turistik tashkilotlar, uyushmalar va investision kompaniyalar vakillari hami ishtirok etishdi. Ta`kidlash joizki, 4-5 noyabr kunlari forum doirasida “Silk Road Craftsman-2019” xalqaro hunarmandlar yarmarkasi o`tkazildi.
Yarmarkaga Qozog`istonning Birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev hamda mamlakat Bosh vaziri Askar Mamin ham ishtirok etdi.
Shuningdek, unda Ozarboyjon, Turkiya, Rossiya, Eron, Hindiston, Afg`oniston, Qozog`iston, Qirg`iziston va O`zbekistondan 200 dan ziyod hunarmand qatnashdi.






