AsosiyJamiyat

Huquqbuzar fuqarolar 140,4 million so`m jarimadan ozod etildi

'Huquqbuzar fuqarolar 140,4 million so`m jarimadan ozod etildi'ning rasmi

Soliq sohasida turli huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida profilaktika ishlarini tizimli yo`lga qo`yish, tadbirkorlik sub`ektlariga qonunchilikning mazmun-mohiyatini tushuntirishga alohida e`tibor qaratilmoqda... 

Navoiy viloyat DSB bo`lim boshlig`i Inomjon TILAVOV "Darakchi"ga bergan ma`lumotiga ko`ra, bu borada Navoiy viloyati Davlat soliq boshqarmasi tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Boshqarma mutasaddilari huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida joriy yilning o`tgan davrida 180 marotaba huquqiy targ`ibot ishlarini amalga oshirgan.

Birgina, tadbirkorlik sub`ektlari va keng jamoatchilik ishtirokida 88 marotaba seminarlar tashkil etilib, 18 mingdan ortiq soliq to`lovchilar qamrab olingan.

Ammo olib borilayotgan targ`ibot-tushuntirish ishlariga qaramay bugungi kunga qadar 925 nafar fuqaro tadbirkorlik faoliyati bilan noqonuniy shug`ullanib, ma`muriy huquqbuzarlik sodir etgan. Shunday bo`lsa-da, birinchi marta noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullangan fuqarolar qonunchilikda belgilangan 30 kunlik muddatda huquqbuzarliklarni bartaraf etganligi ya`ni davlat ro`yxatidan o`tganligi sababli ularga qo`llanishi lozim bo`lgan 140,4 million so`mlik ma`muriy jarimadan ozod etilgan.

Bundan tashqari, soliq to`lovchilarni hech qanday javobgarlikka tortmasdan kameral nazoratdan o`tkazilishi natijasida 5 ming 474 nafar yuridik shaxslarga nisbatan 100 milliard so`mdan ortiq qo`shimcha soliqlar hisoblanib, qayta hisobotlar olingan holda byudjetga o`z vaqtida undirildi. Eng muhimi, 6 ming 474 nafar tadbirkorlik sub`ektlarining ma`muriy javobgarlikka tortilishi hamda soliq bazasini yashirganliklari uchun 25 milliard so`m moliyaviy jarimalar qo`llanilishining oldi olingan.

Bu borada ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2019 yil 10 iyuldagi “Soliq ma`muriyatchiligini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori soliq tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirishda muhim dasturilamal bo`lmoqda.

Mazkur huquqiy hujjatga asosan, tadbirkorlik sub`ektlari aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, davlat soliq xizmati organlarining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to`g`risidagi qarorini olgan kundan e`tiboran o`n kun muddat ichida moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to`lasa, tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi fuqarolar ushbu huquqbuzarlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan jinoiy va ma`muriy javobgarlikdan ozod etilishi belgilangan.

Lekin shuncha engilliklarga qaramay, ayrim tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan hamon huquqbuzarliklar sodir etilmoqda. Jumladan, hududiy davlat soliq inspeksiyalari tomonidan profilaktik suhbatlar o`tkazilgandan so`ng ham xulosa qilmagan 4 ming 607 nafar xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning mansabdor shaxslariga nisbatan ma`muriy bayonnomalar tuzilib, tegishliligi bo`yicha tuman va shahar Ma`muriy sudlariga yuborilgan holda 2 ming 121 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 173,6 million so`m ma`muriy jarimalar qo`llanilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, qonunga itoatkor va halol tadbirkor doimo davlat himoyasidadir. Biroq yashirincha va xufiyona faoliyat ko`rsatib, qonunlarimizda belgilangan soliq va boshqa majburiy to`lovlarni amalga oshirishdan atayin qochishga uringan ayrim “tadbirkor”larga nisbatan murosasiz kurash olib borilishi ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar