AsosiyJamiyat

«O`zdonmahsulot» qolipli non narxi oshgani to`g`risidagi xabarga izoh berdi

'«O`zdonmahsulot» qolipli non narxi oshgani to`g`risidagi xabarga izoh berdi'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Don, un va non etkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to`liq joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilingan bo`lib, unga ko`ra, 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga mo`ljallanmagan bug`doy g`alla iste`molchilarining barcha toifalariga faqat birja orqali sotiladi. Shuningdek, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab un va qolipli non xarid qilish bo`yicha qo`shimcha xarajatlarni qoplash uchun aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj bo`lgan ayrim toifalariga beriladigan har oylik pul kompensasiyasi oshirilib, 50 000 so`m miqdorida belgilandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda non narxining erkinlashtirilishi natijasida ayrim hududlarda 1700 so`mdan 1900 so`mgacha narxda sotilayotganligi xususidagi fikr-mulohazalar aholi o`rtasida keng tarqalib, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli muhokamalarga sabab bo`lmoqda.

Ushbu muhokamalarga “O`zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi quyidagicha izoh berdi.

"Kompaniya tizimidagi 44ta don korxonalari tarkibida 109 ta non ishlab chiqaruvchi korxona va sexlar mavjud bo`lib ular asosan Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan. Toshkent shahrida non va non mahsulotlari ishlab chiqarilishi, sotilishi va ta`minoti ustidan nazorat olib borish “Toshkent non” uyushmasi tomonidan amalga oshiriladi.  

Shuni alohida ta`kidlash lozimki, “O`zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan qolipli non mahsulotlari bugungi kun holatida 1400-1500 so`mdan barcha turdagi iste`molchilarga pul ko`chirish va turg`un savdo shaxobchalari orqali etkazib berilmoqda va ushbu narxlar ishlab chiqarish xarajatlaridan kelib chiqib shakllantirilgan.  

Ma`lumot o`rnida aytish lozimki, “O`zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi non ishlab chiqaruvchi sexlarda tayyorlangan mahsulotlar korxona nomi va logotipi mavjud maxsus do`konlar va bozorlar, savdo komplekslari, aholi gavjum joylardagi shaxobchalar orqali belgilangan tartib va standartlar asosida sotilishi tashkil etilgan va bu boradagi harakatlar ustidan qat`iy nazorat muntazam ravishda olib borilmoqda."

    Boshqa yangiliklar