AsosiyJamiyat

DXX raisi: “Jangarilar terrorchilik faoliyatini davom ettirish uchun vataniga qaytishga harakat qilmoqda...”

'DXX raisi: “Jangarilar terrorchilik faoliyatini davom ettirish uchun vataniga qaytishga harakat qilmoqda...”'ning rasmi

Xabaringiz bor, bugun Toshkentda MDHga a`zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining navbatdagi 47-yig`ilishi bo`lib o`tayotgani haqida xabar bergan edik.

Mazkur  tadbirda davlatlar xavfsizligi bilan bog`liq bir qancha masalalar ko`rilmoqda. 

Ma`lum qilinishicha, Suriya va Iroq hududida jang qilgan jangarilar o`z terrorchilik faoliyatini davom ettirish uchun vatanlariga qaytmoqda. Bu haqda O`zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov yig`ilishda aytgan.

Uning so`zlariga ko`ra, Suriya va Iroqdagi muvaffaqiyatli aksilterror kampaniyasi fonida xalqaro terrorchilik tashkilotlarining boshqa «qaynoq» nuqtalarga, shu jumladan, Afg`onistonga ko`chishi qayd etilmoqda.

«Xalqaro terrorizm jangarilari terrorchilik faoliyatini davom ettirish uchun doimiy yashash joylariga qaytishga harakat qilmoqdalar», - dedi Azizov.

DXX raisining bildirishicha, bunda mehnat migrasiyasining ham o`z o`rni bor.

«Mehnat migrasiyasi omili mamlakatlarimiz fuqarolarining diniy ekstremistik va xalqaro terrorchilik tashkilotlari ta`siriga tushib qolishlariga sharoit yaratmoqda», - dedi DXX rahbari.

MDH maxsus xizmatlarining rahbarlari yig`ilish davomida xalqaro terrorizm, giyohvand moddalar kontrabandasi, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlash, MDHda millatlararo va diniy adovat qo`zg`atilishining oldini olish bo`yicha chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish masalalarini ko`rib chiqdilar.

Bundan tashqari, uchrashuv qatnashchilari Afg`onistondagi vaziyatning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlikka ta`siri nuqtai nazaridan muhokama qildilar.

Boshqa yangiliklar