2 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda "Abdulloh qaerda?" sarlavhasi ostidagi post tarqalgani, unda Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida yashovchi fuqaro Dilmurod Tohirovning 20 yashar o`g`li Abdullohni IIB xodimlari olib ketib, bir haftadan buyon daragini bermayotgani haqida xabar bergan edik.
Ayni paytda internet tarmoqlarida va blogerlar orasida #Adbullohqaerda? xeshtegi paydo bo`ldi.
Hususan, bloger Hushnubdek Xudoyberdiev bu borada ishchi ishlar tizimini tanqid ostiga olmoqda:
“...xabarlarda takror va takror tilga olinayotgan Andijon viloyati IIB yoki O`zbekiston IIVda yigitning qaerda ekani va hozirgi ahvoli haqida shunchaki bir og`iz axborot berish uchun kamida so`nggi 72 soatdan beri imkoniyat bor, lekin ular bu imkoniyatdan foydalanmayapti — vaholanki, vaqti kelsa mahalladagi spravka muammosi haqidagi bo`lmag`ur xabarlarga raddiya berishga kuch topiladi.
«Molochnaya kuxnya» ishi go`yoki yangilangan sud hokimiyatimiz uchun bir imtihon bo`lgandi (va sud hokimiyatimiz bu imtihondan gursillab yiqildi, deyish mumkin, qaysidir ma`noda). Abdulloh Tohirovning ishi esa go`yoki yangilangan kuch tuzilmalarimiz uchun shunday bir sinov bo`lyapti. Mum tishlab jim o`tirish, o`z qobig`iga yopilib olish bilan bu sinovdan umuman o`tib bo`lmaydi lekin.
Men Abdulloh Tohirovni tanimayman, nima ishlar qilganini ham bilmayman. Rostdan biror jinoyat qilgandir, balki begunohdir. Endi bu muhim emas. Hozir eng muhimi — Abdullohning qaerda va qay ahvolda ekani. Hozircha shugina savollarga javob berilsa bo`ldi, qolgani bir gap bo`lar.
Qiziq, shu jimjitlikning boshida turgan polkovnigu generallarning o`z farzandi 12 kun bedarak ketsa, ular qay ahvolga tushisharkin? Hay, hech kimning boshiga solmasin! Hatto shu polkovnigu generallarning ham...” —deydi bloger.
Biz ham vaziyatga oydinlik kiritishga harakat qilamiz.