Bugun, 8 noyabr kuni Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining 46-sessiyasi bo`lib o`tdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma`lum qildi.
Sessiyada deputatlar Xalq deputatlari Qiziriq tumani Kengashining “Qiziriq tumani hududidagi ayrim mahalla fuqarolar yig`ini hududlarini yangi tashkil etilayotgan Bandixon tumani tarkibiga o`tkazish to`g`risida”gi, Boysun tumani Kengashining “Boysun tumani “Ko`lqamish” mahallasining “Kuba” qishloq aholi punkti hududini Bandixon tumani tarkibiga o`tkazish to`g`risida”gi hamda Termiz tumani Kengashining “Termiz tumanining ayrim aholi punkti va mahalla fuqarolar yig`ini hududlarini Termiz shahri tarkibiga o`tkazish haqida”gi qarorlarini ma`qulladilar.
“O`zbekiston Respublikasida ma`muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi to`g`risida”gi Qonunga muvofiq, ushbu masalalarni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan so`rash, Oliy Majlisi palatalarining roziligi olingandan so`ng ularni xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasi kun tartibiga kiritish to`g`risida qaror qabul qilindi.