1

O`zbek nonushtasi - jaxon chempioni!

Jamiyat 08.11.2019, 17:49
O`zbek nonushtasi - jaxon chempioni!

"O`zbek nonushtasi Xalqaro kulinar chempionatida g`olib bo`ldi", - deya xabar berdi O`zbekturizm qo`mitasi rasmiy saytida.

6 noyabr kunidan boshlab poytaxtimizdagi “O`zekspomarkaz” pavilyonida “Lazzatli O`zbekiston” xalqaro kulinar chempionati bo`lib o`tmoqda. Chempionat davomida g`oliblar ham aniqlanib kelinyapti. Shunga ko`ra, go`sht, baliq mahsulotlaridan taom tayyorlash, karving va etno-nonushta yo`nalishi bo`yicha ilk musobaqalar g`oliblari aniqlandi. Milliy etno-nonushta sharti bo`yicha Jazoir, Mo`g`uliston, Ruminiya, Qozog`iston, Hindiston, O`zbekiston va Qoraqalpog`istondan kelgan mohir oshpazlar bellashdi. Mazkur shartda tayyorlangan 7 turdagi nonushta ta`mlar uyg`unligidan tashqari, taomlar xilma-xilligi, taqdim etishdagi kreativlik, tozalik kabi mezonlar asosida xorijiy hakamlar tomonidan baholandi. Har bir nonushtada turli taomlar, issiq choy, shirinliklar, quruq mevalar mavjud. Jazoir nonushtasi xurmodan tayyorlangan turli shirinliklar va dukkakli donlardan tayyorlangan bo`tqa hamda qahva bilan oltin suvi yuritilgan milliy naqshdagi chinni idishlarda tortilgan bo`lsa, Ruminiyaliklar turli xil meva va murabbolar, quritilgan qo`zichoq go`shtidan tayyorlangan kolbasalar, loviya va baqlajondan tayyorlangan ikralar, mahalliy uch turdagi pishloq, va tariqdan tayyorlangan bo`tqa bilan milliy kashtalar tushirilgan qizil dasturxonni bezashdi. Hindistonlik oshpazlar tomonidan tayyorlangan issiq yupqa nonlar ichiga solingan sabzavot va go`shtli quymoqlar o`z to`yimliligi bilan alohida e`tirofga sazovor bo`lgan bo`lsa, Qozog`iston terma jamoasi milliy idish tovoqlarda o`z pishiriqlari-yu, shirinliklarini taqdim etdilar. Mo`g`ul nonushtasidagi o`zbek holvaytariga o`xshash qovurilgan undan tayyorlangan shirinlik, borligi sharq oshxonasining mushtarak jihatlarini ko`rsatdi. Nonushta shakarli tvorog ta`mini eslatuvchi qurtlar va shu kabi faqat oq rangdagi mahsulotlar hamda shirinliklardan iborat bo`lganligi sababli agar hamma pishiriqlar tatib ko`rilsa, ishtahani bo`g`ib qo`yishi mumkinligini, shuningdek mo`g`ul oshpazlari o`z nonushtalarini bir martalik idishlarda taqdim etganliklarini inobatga olgan holda, hakamlar tomonidan past baholandi. Qoraqalpog`istonning hududiy nonushtasida qurut, jiyda, dudlangan baliq, quritilgan mevalar, bug`doy unidan tayyorlangan va sutga qo`shib iste`mol qilish mumkin bo`lgan “aqsallak” taqdim etildi. O`zbek nonushtasida xo`l va quruq mevalar, issiq qat-qat somsa, varaqi, qush tili, murabbolar, issiq non, qaymoq, novvot, go`shtli o`ramalar milliy sopol idishlarda, atlas hoshiyali dasturxon ustiga qaynoq ko`k choy bilan tortildi. Milliy nonushtamizda sutli, go`shtli mahsulotlar, hatto vegetarianlar uchun ham tanovul qilish uchun eguliklar talay ekanligi hamda taomlarning issiq tortilganligini xorijlik hakamlar alohida e`tirof etishdi. Musobaqa natijasiga ko`ra, Ruminiya va hind nonushtasi uchinchi, qozoq va Aljeriya nonushtasi ikkinchi, o`zbek nonushtasi birinchi o`rinni egalladi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1