Toshkent shahrida 15 yanvar kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi, deya xabar qilmoqda O`zA.
O`zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo`mitasi raisi S.Turdiev va boshqalar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo`lib o`tgan saylovlar Konstitusiyamiz hamda saylov qonunchiligimiz talablariga mos, umume`tirof etilgan xalqaro andozalar darajasida tashkil etilganini ta`kidladi.
Saylovlar natijasiga ko`ra, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillari parlament quyi palatasida eng ko`p – 52 o`ringa ega bo`ldi. Shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashlarida 305, tuman (shahar) Kengashlarida 1805 deputatlik o`rnini egallab, parlamentda fraksiya, joylardagi vakillik organlarida deputatlik guruhlari shakllantirildi.
Yig`ilishda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega tadbir – 2015 yil 29 mart kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O`zLiDePning ishtiroki bilan bog`liq masala ko`rib chiqildi. Unda partiyadan nomzod ko`rsatish xususidagi masala muhokama qilindi.
Majlisda O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Islom Abdug`anievich Karimov nomzodi ko`rsatildi. Yig`ilish ishtirokchilari bu taklifni bir ovozdan ma`qulladi.
Anjumanda O`zLiDeP siyosiy kengashi saylov qonunchiligida belgilangan muddatlarda Markaziy saylov komissiyasiga partiyaning Prezident saylovida ishtiroki bilan bog`liq hujjatlarni topshirish bo`yicha tegishli qaror qabul qildi.
* * *
Shu kuni O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashining navbatdagi plenumi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi H.Ketmonov va boshqalar mamlakatimizning mustaqillik yillarida bosib o`tgan yo`li olamshumul taraqqiyot va o`zgarishlar yo`li bo`lganini ta`kidladi. Ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, barcha jabhalarni modernizasiyalash, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishda ulkan yutuqlarga erishildi. Inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat darajasiga ko`tarilgan demokratik huquqiy davlat qurish yo`lidagi islohotlar, xalqimizning hayot darajasi va sifati, iqtisodiy, ma`naviy-ma`rifiy sohalarda qo`lga kiritilgan muvaffaqiyatlar jahon miqyosida e`tirof etilmoqda.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi barcha jabhalarni yanada ravnaq toptirishda muhim bosqichni boshlab berdi. Bu jihatlar milliy saylov tizimimizni jahon andozalari talablariga mos tarzda takomillashtirish, siyosiy partiyalar uchun imkoniyat va huquqlarning yaratib berilganida ham o`zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Yig`ilishda ta`kidlanganidek, siyosiy partiyalarning O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va joylardagi vakillik organlariga bo`lib o`tgan saylovlardagi faol ishtiroki davlat hokimiyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan 2015 yil 29 mart kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg`in tayyorgarlik ko`rilmoqda.
Plenumda O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonov nomzodi ko`rsatildi. Bu taklif yig`ilish ishtirokchilari tomonidan ma`qullandi.
O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi N.Umarov va boshqalar mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, barcha sohalarni izchil rivojlantirish, inson huquq va erkinliklari kafolatlangan kuchli demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta`kidladi.
O`tgan davrda milliy saylov tizimi jahon talablariga mos tarzda takomillashtirildi. Mamlakatimizda saylovlar ko`ppartiyalik asosida amalga oshirilmoqda.
Plenumda “Adolat” SDPning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi masalasi muhokama qilindi. Mazkur saylovga tayyorgarlik ishlarini kuchaytirish, Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan hujjatlarni o`z vaqtida taqdim etish, partiya qurultoyini chaqirish masalalari ko`rib chiqildi.
Majlisda O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Narimon Majitovich Umarov nomzodini ko`rsatish taklif qilindi. Mazkur taklifni plenum ishtirokchilari qo`llab-quvvatladi. Partiya ustaviga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatish partiya qurultoyi tomonidan amalga oshiriladi.
* * *
Shu kuni O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashining navbatdagi plenumi bo`lib o`tdi.
Unda O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi S.Otamurodov va boshqalar Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi barcha sohalarni izchil ravnaq toptirishga xizmat qilayotganini ta`kidladi. Oilaviy tadbirkorlikning huquqiy va iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo`llab-quvvatlash, milliy hunarmandlikning barcha turi, xizmat ko`rsatish, servis va turizm sohalarini rivojlantirish va bu boradagi qonunchilik tashabbuslarini ilgari surishda partiya munosib hissa qo`shayotgani qayd etildi.
O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2014 yil 26 dekabrdan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`yicha saylov kampaniyasi boshlanganligi e`lon qilinib, mazkur saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Plenumda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega tadbir – 2015 yil 29 mart kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning ishtiroki bilan bog`liq masala ko`rib chiqildi. Unda “Milliy tiklanish” partiyasidan nomzod ko`rsatish masalasi muhokama qilindi.
Partiyaning s`ezdi muhokamasiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining a`zosi Akmal Xolmatovich Saidov nomzodini ko`rsatish taklif etildi. Bu taklif yig`ilish ishtirokchilari tomonidan ma`qullandi.





