XXR Sog`liqni saqlash davlat qo`mitasining Xalqaro hamkorlik markazi va Pekin universiteti xalq kasalxonasining malakali mutaxassislaridan iborat delegasiya a`zolari 5 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari, respublika Xotin-qizlar qo`mitasi raisi E.Basitxanova hamda sog`liqni saqlash vaziri A.Shodmonov bilan uchrashdi.
Muloqotda O`zbekistonda ko`z kataraktasi tashxisi bilan kasallangan bemorlarni operasiya qilish bo`yicha “Yorqin yo`l” xayriya aksiyasini o`tkazish, diagnostika va jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
8 noyabr kuni O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasida bu borada Xitoy Xalq Respublikasining O`zbekistondagi elchisi Szyan Yan xonim ishtirokida mazkur masala yuzasidan hamkorlik Memorandumi imzolandi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi raisining Xitoy Xalq Respublikasining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim bilan bo`lgan uchrashuvlarda O`zbekistonda 500 kishi (yordamga muhtoj oilalar, ayol va erkaklar)ning ko`z kataraktasi operasiyalarini o`tkazishga kelishilgan edi.
O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi Xitoy Xalq Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi hamda Sog`liqni saqlash vazirligi vakillari bu boradagi ishlar doirasida Respublika ko`z kasalliklari klinik shifoxonasi hamda Samarqand viloyati ko`z kasalliklari shifoxonasida bo`lishadi. Shuningdek, ular Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining oftalmologiya kafedrasi ilmiy xodimlari bilan ham uchrashadilar.
Hududiy xotin-qizlar qo`mitalari va sog`liqni saqlash boshqarmalariga kam ta`minlangan oilalardan, shuningdek, “Muruvvat” va “Saxovat” uylaridan operasiyaga muhtojlarni aniqlash vazifasi topshirildi.
Mazkur aksiya 18 noyabrdan 7 dekabrga qadar xitoylik 9 nafar malakali mutaxassislar va o`zbekistonlik tajribali shifokorlar hamkorligidagi o`tkaziladi. Jarrohlik amaliyotlari uchun eng zamonaviy medisina jihozlari olib kelinishi kutilmoqda.






