1

"O`zbekneftgaz" tadbirkorlarning ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan murojaatga munosabat bildirdi

Jamiyat 11.11.2019, 16:36
"O`zbekneftgaz" tadbirkorlarning ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan murojaatga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda  “Oilaviy tadbirkorlar: sun`iy to`siqlar cabab zararga kirib, kreditni to`lolmay qoldik” sarlavhali murojaat e`lon qilingan edi. Tadbirkorlarga ko`ra, shu paytga qadar “Sho`rtanneftgaz” MChJning suv, issiqlik va elektr energiyasiga ulangan holatda ish yuritib kelgan, so`nggi paytlarda korxona ularning dehqon xo`jaliklarini issiqlikdan batamom uzib tashlashganidan nolishgan.

Qashqadaryo viloyat, G`uzor tuman, Obod MFY Gulzor ko`chasi 7-uyda yashovchi dehqon xo`jaligi rahbarlari Orif Xudoyqulov va Nasiba To`raevaning ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan murojaati bo`yicha “O`zbekneftgaz” AJning Axborot xizmati quyidagilarni ma`lum qilmoqda. 

Avval ham fuqaro Orif Xudoyqulov va Nasiba To`raeva G`uzor tumani Sho`rtan qo`rg`onida joylashgan “Etalon Nur” va “G`uzor Avangard” nomli issiqxonaga mo`ljallangan dehqon xo`jaligini texnik suv, issiqlik va elektr energiyasi bilan ta`minlashda amaliy yordam berilishini so`rab “Sho`rtanneftgaz” MChJga murojaat qilishgan.

Murojaatchilarning oldingi murojaatlariga, yoqilg`i-energetika resurslari “Sho`rtanneftgaz” MChJga faqat o`z ehtiyojlari uchun belgilangan me`yor asosida ajratilishi va ajratilgan yoqilg`i-energetika resurslarini me`yorga asosan ishlatilishi to`g`risida batafsil javob xatlari orqali tushuntirishlar berilgan. Ularga yuborilgan 2019 yil 20 sentyabr kunidagi ISh-4625-sonli va 2019 yil 25-sentyabr kunidagi ISh-4692-sonli ogohlantirish xatlarida “Sho`rtanneftgaz” MChJda tadbirkorlarning issiqxonasini suv, tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta`minlab berish imkoniyati yo`qligi ma`lum qilingan.

Shuningdek, Sho`rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi o`z oldiga qo`yilgan yillik rejalarini bajarishi uchun tuzilgan shartnoma va me`yorga asosan “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan faqat o`z ehtiyoji uchun ajratilgan limit bo`yicha elektr energiyasini sarflaydi.

Qashqadaryo viloyati Tabiatni muhofaza qilish qo`mitasi tomonidan berilgan maxsus suvdan foydalanish to`g`risidagi ruxsatnoma hamda “Sho`rtangaz kimyo majmuasi” MChJ bilan suv olish bo`yicha tuzilgan shartnomaga asosan, Sho`rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining barcha qurilma va ob`ektlari o`z ehtiyoji uchun me`yor asosida texnik suv bilan ta`minlangan.

Issiqlik va gaz ta`minot sexidagi qozonxonalar, Sho`rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining qurilma va ob`ektlaridagi ehtiyojlar uchun issiqlik energiyasi ishlab chiqarishga mo`ljallangan va me`yordan ortiqcha issiqlik energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega emas.

Bundan tashqari, Sho`rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshqa xo`jalik yurituvchi sub`ektlarni texnik suv, issiqlik va elektr energiyasi bilan ta`minlash majburiyatiga ham ega emas.  

Yuqoridagilarni inobatga olib, jamiyat tadbirkorlarning issiqxonasini texnik suv, elektr va issiqlik energiyasi bilan ta`minlashda amaliy yordam berilishini so`rab ijtimoiy tarmoqlarga qilgan murojaatlarini qanoatlantirish imkoniyati yo`qligini ma`lum qilmoqda. 


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1