AsosiyJamiyat

Ikki qo`l va bir oyoq anomaliyasi bilan tug`ilgan buxorolik bola o`z kelajagini yaratmoqda

'Ikki qo`l va bir oyoq anomaliyasi bilan tug`ilgan buxorolik bola o`z kelajagini yaratmoqda'ning rasmi

 

Taqdir zarbasi bundan ortiq bo`lishi mumkinmi: o`n besh yilcha muqaddam Buxorodagi oilalardan birida bola ikki qo`l va bir oyoq anomaliyasi bilan tug`ildi. bu haqida "Xalq so`zi"da hikoya qilindi.

Chaqaloqni viloyat ixtisoslashgan bolalar uyiga topshirishdi.Uni dunyoga keltirganlar ota – onalik huquqidan mahrum qilindi.

Ikki qo`lsiz, bir oyoqsiz bola qanday yashashi mumkin?! Ammo Petr ismli bu go`dak bolalar uyida tarbiyachilarning qarovida, davlatimiz, el – yurtning ardog`ida o`sdi.Mehr ko`rdi. Muhabbat taftini his etdi. Ruhan cho`kmadi. Qo`liga, agar qo`li deyish mumkin bo`lsa, qalam tutishni o`rgandi. Rasm chiza boshladi.

Maktab yoshiga etgach, uni Buxoro shahridagi 32 – Mehribonlik uyiga o`tkazishdi. Shu erda yashab, 8 – umumta`lim maktabida o`zbek tilida tahsil olayapti. Hozir 8 – sinf o`quvchisi.”Mehribonlik uyida hammani biz ona o`rnida ko`ramiz” deydi u.

Ta`kidlashlaricha, Petr Golov juda tirishqoq, intiluvchan,qobiliyatli, odobli. Muomalasini aytmaysizmi? Maskanga kelgan har bir kishini xuddi mezbon kabi shirin so`z bilan qarshilaydi. Beixtiyor bu yoqimtoy bolani yaxshi ko`rib qolasan, kishi.

-Alisher Navoiyning g`azallarini, shoir Muhammad Yusufning she`rlarini sevib o`qiyman, -deydi u biz bilan suhbatda. - Maktabda Valid va Zayid ismli tengdoshlarim bilan do`st tutinganman. Bo`sh paytimda rasm chizishni kanda qilmayman. Maskanimizda Dilshoda Rahimova boshchiligida rasm to`garagi ishlab turibdi.

Irodasi mustahkam bu bola chindan ham musavvirlikka mehr qo`ygan. U chizgan suratlar jonli, hayotiy. Suratlarni ko`zdan kechirarkansiz, ular muallifi qarshingizdagi shu imkoniyati cheklangan bola ekaniga aqlingiz bovar qilmaydi.

-Yaqinda bo`lib o`tgan “Maftunkor ranglari jilosi” respublika tanlovida g`olib chiqdim,-deydi Petr. - Bundan avval ham viloyat, respublika miqyosida tashkil etilgan ko`rik – tanlovlarda faol qatnashganman.

Aytmoqchi, Petr “Maftunkor ranglar jilosi” respublika tanlovidan diplom, medal, zamonaviy televizor, mikroto`lqinli pech, shuningdek, surat chizadigan maxsus doska bilan qaytdi. Tarbiyachilar yarim hazil, yarim chin qilib aytishgani kabi imkoniyati cheklangan bola tirishqoqligi, qat`iyati, aql – zakovati bilan o`z kelajagini yaratmoqda. Maktabni tugallagach, tasviriy san`at yo`nalishida tahsil olish maqsadida.

Sir emas, oramizda to`rt muchali sog` bo`la turib, o`zgalardan ko`mak kutadigan,vaqtida yolchitib o`qimagan, biror bir hunarning etagidan tutmagan, oqibatda hayotdan o`z o`rnini topishda qiynalib yurgan kishilar uchrab turadi. Biz bunday kishilarga taqdirning beshafqat zarbasi bois ikki qo`l va bir oyoqsiz tug`ilgan Mehribonlik uyidagi shu bolani ibrat qilib ko`rsatgan bo`lur edik. Gap shundaki, imkoniyati cheklangani, iqtidori nazarda tutilib, Buxoro shahri hokimining tegishli qarori bilan u homiylik ostiga olingan. Boshqacha aytganda, Petr o`z kelajagidan xavotirlanmay, xotirjam yashashi mumkin. Lekin bu narsa unga yot. Tinib – tinchimas iqtidor egasi Alloh bergan qobiliyatni ishga solib, ertaga taniqli rassom bo`lib etishmoqchi, betakror san`at namunalari yaratmoqchi. O`xshashi yo`q O`zbekistonimizning go`zalligini mo`yqalam orqali butun dunyoga ko`z – ko`z qilmoqchi.

Bundaylar har qanday e`zozga, tahsinga loyiq, albatta.

Boshqa yangiliklar