AsosiyJamiyat

Bosh vazir Abdulla Aripov va Jahongir Ortiqxo`jaev imzosi qalbakilashtirilib, millionlar ishlandi

'Bosh vazir Abdulla Aripov va Jahongir Ortiqxo`jaev imzosi qalbakilashtirilib, millionlar ishlandi'ning rasmi

 

2019 yil 23 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudida bir guruh shaxslarga nisbatan ayblov hukmi e`lon qilindi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ma`lum qilgan.

Sudlanuvchilar bir necha epizodlarda firibgarlik, pora berishga qasd qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish kabi jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topildi.

Ayblovlarning qisqa bayoni shuki, sudlanuvchilar o`zaro uyushgan holda go`yoki hokimlikda yuqori mansablarda ishlaydigan tanish shaxslar orqali Toshkent shahrining Chilonzor va Yashnobod tumanilaridan bir gektardan ko`proq er maydoni ajratib berishni va`da qilib, tadbirkorlik sub`ektlarining bir million ikki yuz ming AQSh dollarini firibgarlik bilan qo`lga kiritishmoqchi bo`lgan. Bu jarayonda ular go`yoki «kerakli harakatlarni amalga oshirayotgani», shu bilan birga, tadbirkorlik sub`ektlarida shubha uyg`otmaslik va ularni ishontirish maqsadida Toshkent shahar hokimligi mansabdor shaxslari imzolari qalbakilashtirilgan hujjatlar, shuningdek, Bosh vazir rahbarligida majlis o`tkazilganligi haqida soxta bayonnoma tayyorlab, ularga taqdim etgan. Va shu orqali yarim million AQSh dollaridan ko`proq mablag`ni firibgarlik bilan qo`lga kiritishgan.

Sud yakuniga ko`ra sudlanuvchilar — T. Javdatxo`jaev (1995 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, millati o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – o`rta-maxsus, bo`ydoq, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlanmagan) va K. Axmedovga (1988 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, millati o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – oliy, oilali, ikki nafar farzandi bor, Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimligi qurilish bo`limi boshlig`i lavozimida ishlagan, muqaddam sudlanmagan) 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`tattirish belgilandi.

Shuningdek, A. Abdukarimovga (1995 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, millati o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – o`rta-maxsus, oilali, bir nafar farzandi bor, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlanmagan) eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan bo`lsa, S. Tuxtaev (1987 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, millati o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – oliy, oilali, ikki nafar farzandi bor, Toshkent shahar Chilonzor tumani qurilish bo`limi boshlig`i lavozimida ishlagan, muqaddam sudlanmagan) ham ayni shunday jazoga mustahiq etildi, faqat unga nisbatan qo`shimcha jazo chorasi qo`llanib, bir yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qildi.

Yana bir sudlanuvchi M. Radjapovga (1979 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, millati o`zbek, «Murodi» MChJda yurist, muqaddam sudlanmagan) jinoyatdagi ishtirokidan kelib chiqib, jarima jazosi tayinlandi.

Qayd etish kerakki, mazkur hukm qonuniy kuchga kirgani yo`q.

Hozirgi kunda T. Javdatxo`jaev, K. Axmedov, A. Abdukarimov va M. Radjapovlar tomonidan hukmga nisbatan apellasiya shikoyati berilgan.

Ularning shikoyati jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudining apellyasiya instansiyasida 2019 yil 5 dekabr kuni ko`rib chiqilishi belgilangan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar