1

O`zbekiston ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash bo`yicha BMT bilan yangi loyihani boshlamoqchi

Jamiyat 12.11.2019, 14:48
O`zbekiston ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash bo`yicha BMT bilan yangi loyihani boshlamoqchi

O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Aziz Abduxakimov hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining mamlakatdagi doimiy vakili Xelena Freyzer xonim ijtimoiy himoya bo`yicha qo`shma loyihani amalga oshirish to`g`risidagi shartnomani imzoladilar. Mazkur hujjat aholining ehtiyojmand qatlamlariga ijtimoiy yordam ko`rsatish borasidagi ustuvor yo`nalishlarni belgilab beradi. 

BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasidan ma`lum qilishlaricha, Qiymati ikki million AQSh dollariga teng bo`lgan qo`shma loyihaning asosiy e`tibori mamlakatdagi ijtimoiy jihatdan eng zaif bo`lgan insonlarga qaratiladi

So`nggi yillarda O`zbekiston yillik yalpi ichki mahsulotining 6-9% foizini ijtimoiy himoya xizmatlariga yo`naltirib kelmoqda. Shunga qaramasdan tizim samaradorligiga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi to`siqlar mavjud. Masalan, ijtimoiy himoya vazifalari hozirgi kunda bir nechta vazirliklar va idoralar zimmasida. Bu esa, himoyaga muhtoj insonlar va oilalarni tang vaziyatlardan chiqarish uchun zarur bo`ladigan umumiy qarashlar va kompleks yondoshuvlar yo`qligiga olib keladi. 

Dunyo tajribasi shuni ko`rsatadiki, mamlakatda davom etayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ba`zi ijtimoiy jihatdan zaif aholi qatlamlari uchun qisqa muddatli kuchli ta`sirni yuzaga keltirishi mumkin. Shu bois bunday insonlarga kuchli ijtimoiy himoya tizimi orqali yordam ko`rsatish zarur. 

Bu borada, BMT hamda O`zbekiston hukumati vakillari mamlakatning ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish dasturini birgalikda amalga oshirishga kelishdilar. Dasturning maqsadi yuqori sifatli ijtimoiy himoya xizmatlari barcha insonlar uchun butun umrlari davomida ko`rsatilishini ta`minlashdan iborat. Dastur asosiy e`tiborni quyidagi uchta ustuvor yo`nalishlarga qaratadi:

1.Ijtimoiy himoya bo`yicha yagona davlat organini tashkil etish orqali ijtimoiy himoya vazifalari turli vazirliklar va idoralar o`rtasida tarqoq holda ekanligi muammosini hal qilish;

2.Xalqaro standartlarga mos ravishda keng qamrovli milliy ijtimoiy himoya strategiyasini ishlab chiqish. Mazkur jarayon ijtimoiy himoya tushunchasini xayriyaga asoslangan yondoshuvdan inson huquqlariga asoslangan yondoshuv sifatida anglashga o`tkazishga urg`u berishi ko`zda tutilgan;

3.Nogironligi bor insonlarga ijtimoiy himoyani taqdim etishda “nafaqalar + xizmatlar” integrallashgan yondoshuvini sinov tariqasida amalga oshirish. Qo`shma dastur Nogironligi bo`lgan insonlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyani ratifikasiya qilish hamda faoliyatning xalqaro tasnifini  joriy etish orqali nogironlar  huquqlarini yanada kengroq ta`minlash va ularning hayotlarini sezilarli darajada yaxshilashga e`tibor qaratadi. 

Qo`shma dastur BMT tomonidan moliyalashtiriluvchi 24 ta muvaffaqqiyatli loyihalardan biri bo`lib, ularni tanlash jarayonida ja`mi 114 ta taklif o`rganib chiqildi. Qo`shma dastur keyingi ikki yil davomida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Bosh Prokratura, turli vazirliklar hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshirilishi ko`zda tutilgan. Ushbu loyihaning amalga oshirilishida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Bolalar jamg`armasi (YuNISEF) o`z tajribalari va salohiyatlari doirasida ko`mak beradilar. 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1