1

"Voy-dod ellik millionim..." (Hajviya)

Mutolaa 12.11.2019, 18:11
Teglar: to`y, hajviya
"Voy-dod ellik millionim..." (Hajviya)

Shohbonu o`g`lini unashtirgandan buyon bosar-tusarini bilmay qoldi. U dang`illama to`y qilib, nafaqat o`z mahallasida, balki butun tumanda duv-duv gap bo`lishni istardi. O`tirsa ham, tursa ham, yotsa ham xayolida dabdabali to`y qilish rejasini tuzardi. “Nima qilsinki, mahalla-ko`y uning chet eldan katta pul topib kelganini ko`rsin! Bir vaqtlar uni mensimaganlar endi jaraq-jaraq dollar bilan o`ynayotganini ko`rib, og`zi ochilsin”.

-O`ylab-o`ylab to`yni shahardagi “Jahonshoh” to`yxonasida qilishga qaror qildim. Eng keyingi, hashamatli to`yxona shu-da. Xolam o`g`il uylantirganlarida to`yga borib ko`rdik-ku. Ana hashamat, mana dabdaba...- dedi nonushta qilayotib Shohbonu.

-Esing joyidami? O`zimizning tuman markazida ham bir-biridan chiroyli o`nta to`yxona bor-ku. Qirq kilometr uzoqqa borib, to`y qilishimiz shartmi?-deya qizishib ketdi eri.

-Bu to`yxonalaringiz allaqachon modadan qolgan. Hozir eng zo`ri “Jahonshoh”. Nima, mani o`g`lim “Jahonshoh”da kuyov bo`lib, kerilib o`tirishga arzimabdimi?

-Tavba, to`yxonayam modadan qoladimi? Shahardagi to`yxonaning narxi juda baland, deb eshitgandim. Borib-kelish xarajatlari-chi?

-To`g`ri, oyi, yonginamizdagi to`yxonada qilaylik, narxi ham arzon. Ovoragarchilik ham yo`q...-dedi Umidjon otasiga yon bosib.

-E, e. Qanaqa ovoragarchilik? Hammasini o`zlari qilishadi. Dasturxondagi nondan tortib, salatlar-u, chaq-chuqlargacha o`zlari bezatishadi. Ovqatlarni ham o`sha erda pishirishadi. Biz mehmonday borib, maza qilib o`tiramiz.

-O`sha maza qilib o`tirishimizga qancha to`lash kerak bo`ladi?- deya so`radi eri.

-Odam soniga qarab qirq-ellik million bo`ladi-da...-javob berdi xotini bamaylixotir, xuddi katta xazinasi borday. U xolasi o`g`il uylantirgan to`yda o`tirib, xuddi shunday bazm qilishni orzu qilgan va xarajatlarni miridan-sirigacha so`rab surishtirgan edi. "Qovun-qovundan rang oladi", deganlariday o`shandan buyon dabdabali to`y ishqiga tushgandi. Musofirchilikda, o`n-besh, o`n sakkiz soatlab ishlab, it yotish mirza turish qilib, chekkan azoblari, tiyinlab tejab-tergab yiqqan pullari hozir ko`ziga ko`rinmasdi.

-Qirq-ellik million?!- quloqlariga ishonmay so`radi eri rangi o`chib.- Hoy, xotin, pulni erdan supurib olganday gapirma! Oshxonada yillab qozon-tovoq yuvaverib, qo`llaring shilinganini unutdingmi? Qancha qiyinchiliklar bilan topgan pulingga iching kuymasa,man o`g`lim bilan izg`irinda qor kechib, belang`i bo`lib ishlagan pullarimizga achinaman, ularni bir kechada sovurishni istamayman. Xolangga taqlid qilma! U shaharda yashaydi, to`yxona ularga bir qadam. Buning ustiga o`g`illarining ikkitadan do`koni, oshxonalari bor.

-Bo`lmasa, uylantirmay qo`ya qolaylik. Yakka-yu yolg`iz o`g`lingiz yigirma beshga kirib yuraversin, etimchalarday... Siz pullaringizni quchoqlab yotavering!- qizishib kinoya qildi Shohbonu. Keyin achchiq bilan shipshidi:- Qaytib idish-tovoq yuvganimni tilingizga chiqarmang. Hech kim eshitmasin.

Avazbek xotinini birinchi marta ko`rayotganday hayron bo`lib qaradi. Uning manmanligidan jahli chiqib, ovozini balandlatdi:

-Senga nima bo`layapti? Borimizni ikki soatlik to`yga sovurma. Keyin ham yashashimiz kerak...

Shohbonu hech kimning gapini eshitishni istamasdi. Xullas, hammaning qarshiligiga qaramay, “Jahonshoh”da orzu-havasli to`y o`tdi. 

To`ydan keyin Shohbonu har ikki gapning birida duch kelgan odamga kerilib, “Birgina to`yxonaning o`ziga ellik million to`laganmiz, qolgan xarajatlarni-ku aytmay qo`ya qolay” deydigan bo`ldi. Kelinchak uchun esa bu gap doimiy ta`na-dashnomga aylanib qoldi. Uning biror ishi yoqmasa “Sizni ellik million to`lab, shaharda to`y qilib olib kelganman, shuni ham eplab bilmaysizmi?” deb koyirdi. Kelin tishini tishiga bosib, olti oy chidadi. 

To`ydan keyingi etishmovchiliklardan asabiy bo`lib, xafaqon kasaliga chalingan qaynonaning zug`umlariga chiday olmay kelinchak arazlab ketdi. Endi Shohbonuning alami ichida, kimga dardini aytishni bilmas, hamma xarajatlar bir tomon-u, to`yxonaga sarflagan yaxlit mablag`i bir tomon bo`lib, ko`z oldidan ketmasdi. Huvillagan hovlida yolg`iz sho`ppayib yurarkan, qaerdan pul topish, qarzlarni qanday qaytarish haqida tinmay o`ylar va bu boshi-keti yo`q xayollardan miyasi g`ovlab ketardi. Yillar davomida butun oila ishlab yig`gan, bir kechada sarflangan dasta-dasta pullarni o`ylaganda esa “Voy-dod, ellik millionim” deb, dod solgisi kelar, biroq joniga ora kiradigan hech kim yo`q edi...

Mahbuba Xolova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1