MIB, ichki ishlar va chegara qo`shinlarining idoralararo hamkorlik tizimi qayta ko`rib chiqildi
“Sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatini yoki ijro hujjati bo`lgan sud hujjatini uzrsiz sabablarga ko`ra ijro etmagan qarzdor jismoniy shaxsning O`zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklashni ta`minlash yuzasidan Majburiy ijro byurosi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlarining hamkorligi tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi.
Unga ko`ra, qarzdor jismoniy shaxsning O`zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklash ijro hujjati qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko`ra ijro etilmaganda qo`llaniladi.
Quyidagi hollarda qarzdorning chetga chiqishi cheklanmaydi:
* qarz miqdori BHMning 5 baravaridan (1 115 000 so`mdan) oshmasa (avval bu miqdor 446 000 ni tashkil etgan), aliment yoki boshqa davriy to`lovlarni undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bundan mustasno;
* sud qarorini ijro etish uchun etarli mol-mulk olib qo`yilgan bo`lsa;
*qarzdor yuridik shaxs bo`lganda.
Qarzdorning chetga chiqishini vaqtincha cheklash to`g`risida undiruvchi (uning vakili) ariza bilan MIBga murojaat etishi mumkin.
Arizani ko`rib chiqish natijasi bo`yicha qaror chiqariladi yoki ariza rad etiladi.
Cheklov qo`yilganligi va olib tashlanganligi haqidagi ma`lumot idoralararo hamkorlik tizimi orqali ichki ishlar organlari va Chegara qo`shinlariga yuboriladi.
Qarzdorning chetga chiqishi vaqtincha cheklanganligi yoki cheklov olib tashlanganligi haqida unga yozma xabar (elektron pochta) va telefon (mobil aloqa) orqali SMS yuboriladi.
Quyidagi hollarda cheklov to`xtatib turiladi va qazdorning chetga chiqishiga ruxsat beriladi:
* O`zbekistondan tashqarida kasalxonaga yotqizishni talab qiladigan hollarda;
* O`zbekistondan chiqib ketuvchi delegasiya tarkibiga kiritilganda.
Chegara hududlarda chetga chiqishi vaqtincha cheklangan qarzdor aniqlanganda, unga bu haqda to`liq ma`lumot beriladi va www.mib.uz sayti orqali ma`lumot olishi mumkinligi tushuntiriladi.






