AsosiyJamiyat

Human bandlik agentligi ishi yuzasidan ayrim tafsilotlar ma`lum qilindi

'Human bandlik agentligi ishi yuzasidan ayrim tafsilotlar ma`lum qilindi'ning rasmi

 

Ijtimoiy tarmoqlarda «Human xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbari Sh.Fayzullaevga nisbatan jinoyat ishi bo`yicha qamoq bilan bog`liq bo`lmagan boshqa ehtiyot chorasi qo`llanilganligi va ozodlikda ekanligi, jabrlanuvchilarga etkazilgan moddiy zarar undirilmayotganligini iddao qilib, jabrlangan fuqarolarni hukumat idoralari oldida chiqishlar qilishga undamoqdalar.

Shu kabi da`volar asossiz va to`g`ri emasdir, - deya ma`lum qildi Tergov departamenti 

Keltirilishicha, O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituvida «Human xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik) bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Dastlabki tergov davomida Sh.Fayzullaevga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan ayblov e`lon qilingan va «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilib, hozirda u IIV JIEBBga qarashli 1-sonli Tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

Jabrlanuvchilarga etkazilgan moddiy zararning o`rnini qoplanishini ta`minlash maqsadida, Sh.Fayzullaev firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritgan pul mablag`lari hisobidan xarid qilingan mol-mulklarni, shuningdek o`zlashtirib yuborilgan va sarflangan pul mablag`larni aniqlab, ularni xatlash choralari ko`rilmoqda.

Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda, tergov yakuni bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi.

Fuqarolardan norasmiy ma`lumotlarga ishongan holda biror-bir huquqbuzarlik sodir etishdan o`zlarini tiyishlari hamda IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan jinoyat ishi bo`yicha berib boriladigan rasmiy ma`lumotlarga asoslanishlari so`raladi.

Shuningdek:

“Hurmatli fuqarolar sizlardan, rasmiy vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanmagan turli xil soxta ma`lumotlar va undovlarga ishonib qolmasligingizni so`raymiz, sababi yig`ilishlar, mitinglar, ko`cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o`tkazish tartibini buzganlik ma`muriy va jinoiy tartibda jazolanadi», - deyiladi xabarda.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar