AsosiyJamiyat

Kitobdagi o`g`li elektrik, qizi psixolog, kelini qorovul bo`lgan maktab direktori ishi nima bo`ldi?

'Kitobdagi o`g`li elektrik, qizi psixolog, kelini qorovul bo`lgan maktab direktori ishi nima bo`ldi?'ning rasmi

 

Joriy yilining oktyabr oyida Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida yashovchi Nasimjon Baratov va uning hamkasblari o`zlari faoliyat yuritayotgan 37-maktab direktori Lobar Rahimova tanish-bilishchilikni avjiga chiqarganidan norozi bo`lib murojaat qilgani haqida xabar bergandik.

Ushbu murojaat o`rganilib, Qashqadaryo viloyati Xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan natija ma`lum qilindi. 

     Murojaatda “Kitob Qurilish va xizmat ko`rsatish kolleji binosidan foydalanib qandaydir qing`ir-qiyshiq yo`llar bilan yangi 91-umumiy o`rta ta`lim maktabi ochib unga o`g`li Shukurov Komilni direktor etib tayinlashga erishdi”  deb qayd etilgan vaj bo`yicha:

Kitob tumani hokimining 2019 yil 24 iyuldagi X-4571/07-sonli qaroriga asosan Kitob qurilish va xizmat ko`rsatish kolleji binosida 92-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabi tashkil etilgan.

Shukurov Komil Abdug`ofurovich hozirda Kitob tuman xalq ta`limi bo`limida ta`lim muassasalari faoliyatini metodik ta`minlash va tashkil etish bo`limi mutaxassisi vazifasida faoliyat yuritmoqda. Kitob tuman xalq ta`limi bo`limi mudirining 2019 yil 27 avgustdagi 585-sonli xatiga asosan viloyat xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`ining 2019 yil 13 sentyabrdagi 118/1-sonli buyrug`i bilan Shukurov Komil Abdug`ofurovich Kitob tumanidagi 91-umumiy o`rta ta`lim maktab direktori vazifasiga kuzatuv kengashi tavsiya xati taqdim etgunga qadar vaqtincha direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. 

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining 2018 yil 26 dekabrdagi  16-mh-sonli buyrug`i bilan “Umumiy o`rta ta`lim muassasasining kuzatuv kengashi haqida”gi namunaviy nizomi tasdiqlangan bo`lib, unga ko`ra ta`lim muassasalarida tashkil etilgan kuzatuv kengashi O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ta`lim muassasasiga direktorlik lavozimiga tavsiya etilgan nomzodlarni ochiq ovoz berish yo`li bilan direktor lavozimiga saylaydi.

Mazkur nizomning 5-bob 27-bandida “ta`lim muassasasida ijtimoiy-ma`naviy muhitning buzilishi, ta`lim sifatining pasayib ketishi, tizimli muammolarning kelib chiqishi, pedagoglar bilan ma`muriyat o`rtasida yoki ota-onalar bilan ma`muriyat o`rtasida nizoli holatlar kelib chiqan taqdirda, ta`lim muassasasi direktorini lavozimidan ozod etish bo`yicha hududiy boshqarmalarga taklif kiritadi” shaklida belgilab qo`yilgan.

“Yangi maktabga ishga kirish Raximova Lobar orqali bo`lyapti, kuyovi Suyunov O`tkirni xo`jalik ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari qilib olgan” deyilgan vaj bo`yicha:

      O`rganish kunida 91-maktabda ta`lim olayotgan o`quvchilar va ularga ta`lim-tarbiya berayotgan pedagog xodimlar hamda  rahbar xodimlar faoliyat olib bormayotganligi aniqlandi.

      Yangi tashkil etilgan 91-umumiy o`rta ta`lim maktabining 2019-2020-o`quv yili xarajatlar smetasi va shtatlar jadvali shakllanmaganligi sababli mazkur 91-umumta`lim maktabga pedagog va ishchi-xizmatchilarni ishga qabul qilish bo`yicha buyruqlar rasmiylashtirilmagan. Shu sababli Kitob tumani xalq ta`limi bo`limi tomonidan Suyunov O`tkir 91-maktabga xo`jalik ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari vazifasiga tayinlanmagan hamda buyruq rasmiylashtirilmagan (xo`jalik ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari vazifasiga tayinlash va ozod etish tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri vakolatiga kiradi).

   “Qizi Shukurova Nilufar mutaxassisligi psixolog bo`lmasada yarim stavka psixolog lavozimida 37-maktabda ishlab kelmoqda” deyilgan vaj bo`yicha:

Xalq ta`limi vazirining 2018 yil 14 iyundagi 160-sonli buyrug`i ILOVAsida xalq ta`limi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflari belgilab berilgan. Ushbu buyruq ILOVAsining Umumiy o`rta ta`lim maktabi (maktab-internat) psixologi lavozimining malakaviy tavsiflarining 16-bandida: 

a) kamida bakalavr darajasidagi maxsus psixologik yoki oliy pedagogik ma`lumot; 

b) amaliy ish staji talab qilinmaydi tarzida belgilab berilgan.

Shukurova Nilufar ma`lumoti oliy, mutaxassisligi ona tili va adabiyot, 2004 yilda Qarshi davlat universitetini tamomlagan. Maktab direktorining 2018 yil  5 sentyabrdagi 1-sonli buyrug`i bilan 0,5 stavka shtat birligi miqdorida maktabda amaliyotchi psixolog vazifasiga tayinlangan. 

Murojaatda “2018-2019 o`quv yilida umuman maktabga kelmagan, darslarga qatnashmagan Mahmatqulov Shahrizod Dilshod o`g`liga yil yakuniy imtihonlarga qatnashmasada o`qituvchilar jurnalga baho qo`yib, 11-sinfni bitirganlik to`g`risidagi shahodatnomani berib yuborgan” deyilgan vaj bo`yicha:

Mahmatqulov Shaxrizod Dilshod o`g`li 11-B sinf jurnalida qayd etilib, barcha fanlardan joriy, oraliq, choraklik (yarim yillik), yillik (yillik reyting ball) bilan muntazam baholab borilgan, lekin mazkur o`quvchining muntazam darsga kelmaganligi haqida sinf jurnalida qayd etilmagan hamda muntazam dars jarayoniga qatnashmaganligi haqida vakolatli organlarga murojaat etilmagan.  Maktab pedagogika kengashining 2019 yil 22 maydagi 5-sonli qaroriga ko`ra yakuniy davlat attestasiyasiga kiritilgan, 2019 yil 12 iyundagi 6-sonli qarori bilan  UM № 0085526-seriya va raqamli “Umumiy o`rta ta`lim to`g`risida Attestat” berilgan hamda unga berilgan attestat maktab shahodatnomalar tarqatish daftarida 12-qayd raqami bilan ro`yxatga olingan. 

        Murojaatda “maktabga kelmaydigan, ishlamaydigan kelini Saidova Surayyo Fozil qiziga va farzandlari Shukurov Quvonch, Shukurov Komilga elektrik lavozimini berib oylik yozib yurgan” deyilgan vaj bo`yicha:

       Saidova Surayyo  maktab direktorining 2018 yil 1 noyabrdagi 6-sonli buyrug`iga ko`ra 0,5 stavka shtat birligida qorovul vazifasiga ishga qabul qilingan.

        O`zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 79-moddasida Qarindosh-urug`larning davlat korxonasida birga xizmat qilishlarini cheklash belgilangan. 

      Unga ko`ra, o`zaro yaqin qarindosh yoki quda-anda bo`lgan shaxslarning (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o`g`il va qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari), basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo`ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo`lsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari taqiqlanadi.

      Bu qoidadan istisnolar O`zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanishi mumkin” tarzida belgilab qo`yilgan.

     37-umumiy o`rta ta`lim maktabi direktorining 2019 yil 31 avgustdagi №23 sonli buyrug`i bilan Saidova Surayyo Fozil qizi 37-maktabning qorovuli vazifasidan ozod etilgan.

      Shukurov Komil 2015 yil 1-iyundan 37-maktab direktorining №14-sonli buyrug`iga ko`ra mazkur maktabning elektrigi vazifasiga tayinlangan. 2016 yil 1-dekabrdan maktab direktorining №9-sonli buyrug`iga asosan vazifasidan ozod etilgan.

      Shukurov Quvonchbek 37-maktab direktorining 2016 yil 1 dekabrdagi №9-sonli buyrug`i bilan 37-umumta`lim maktabining elektrigi vazifasiga tayinlanib, shtat qisqartirilganligi sababli 2017 yil 1-noyabrdan maktab direktorining №14-sonli buyrug`iga asosan vazifasidan ozod etilgan. 2018 yildan boshlab tuman xalq ta`limi bo`limida bino va inshoatlardan foydalanishni muvofiqlashtirish va monitoring qilish bo`limi tashkil etilishi va ushbu bo`limda elektrik shtati mavjudligi munosabati bilan ta`lim muassasalarida elektrik shtatlari mavjud emas.

         Murojaatda “Maktabni moliyaviy ahvolini taftishdan o`tkazish lozim, chunki direktor fondidan noqonuniy pul o`tkazmalari holati mavjud” deyilgan vaj bo`yicha:

        Muassasaning moliyaviy ahvolini o`rganish bo`yicha 2019 yil 1 avgustda viloyat xalq ta`limi boshqarmasi ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati bo`limi tomonidan tekshiruv o`tkazilgan va bu tekshiruv xulosasiga ko`ra 1610,0 ming so`m kamomad aniqlangan va bu mablag` davlat hisobiga qaytarib to`langan.         

Shunga ko`ra, murojaat muallifiga ushbu tushuntirish jarayonidan qanoatlanmasa, o`rnatilgan tartibda yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilishi mumkinligi tushuntirilan.

Boshqa yangiliklar