Muhokama uchun e`lon qilingan hujjatga ko`ra, qonunning 29-moddasi (Harbiy xizmatdan bo`shatish) birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“Harbiy xizmatchini haqiqiy harbiy xizmatdan bo`shatish quyidagi asoslarga ko`ra amalga oshiriladi:
1) yosh bo`yicha – u harbiy xizmatda bo`lishining belgilangan yosh chegarasiga etganida, shu jumladan belgilangan tartibda uzaytirilgan harbiy xizmat muddati tugaganda;
2) muddatli harbiy xizmat muddati tugaganda – chaqiruv bo`yicha muddatli harbiy xizmatning qonunchilikda belgilangan muddati tugaganda (bo`shatish uchun boshqa asoslar bo`lmagan taqdirda);
3) kontrakt muddati tugaganda – bo`shatish uchun boshqa asoslar bo`lmagan taqdirda, agar amaldagi kontraktning tugashi vaqtida harbiy xizmatchi yoki vazirlik, davlat qo`mitasi va idora tomonidan yangi kontrakt tuzmaslik to`g`risida qaror qabul qilingan bo`lsa;
4) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan, harbiy xizmatchidan xizmatda foydalanish imkoniyati bo`lmay qolganda va uni bo`shatishga boshqa asoslar bo`lmagan taqdirda;
5) sog`lig`ining holatiga ko`ra – uni harbiy-tibbiy komissiya harbiy xizmatga yaroqsiz deb topganligi munosabati bilan;
6) tomonlardan birining tashabbusiga ko`ra kontrakt muddatidan oldin bekor qilinganligi munosabati bilan;
7) intizomsizligi sababli kursantlar oliy harbiy ta`lim muassasasidan o`qishdan chetlashtirilishi munosabati bilan, bo`shatishga boshqa asoslar bo`lmagan taqdirda;
8) harbiy xizmatchi nomiga dog` tushiruvchi xatti-harakat sodir etganda;
9) davlat sirlari bilan ishlash ruxsatnomasidan mahrum qilinganligi munosabati bilan;
10) ozodlikdan yoki harbiy unvondan mahrum etish bilan bog`liq bo`lgan jazo choralarini nazarda tutuvchi sud hukmi qonuniy kuchga kirganda;
11) qonunchilikka muvofiq O`zbekiston Respublikasining fuqaroligini yo`qotganligi munosabati bilan yoxud boshqa davlatning fuqaroligi mavjud bo`lganda.”.
Amaldagi tahrir quyidagicha ko`rinishga ega:
“Harbiy xizmatchini haqiqiy harbiy xizmatdan bo`shatish quyidagi asoslarga ko`ra amalga oshiriladi:
1) u harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatda bo`lishining belgilangan yosh chegarasiga etganida;
2) muddatli harbiy xizmat muddati tugaganda;
3) kontrakt muddati tugaganda;
4) shtatlar qisqarganda yoki boshqa tashkiliy-shtat tadbir-choralari munosabati bilan harbiy xizmatchidan xizmatda foydalanish imkoniyati bo`lmay qolganda;
5) salomatligiga ko`ra — uni harbiy-tibbiy komissiya harbiy xizmatga yaroqsiz deb topganligi munosabati bilan;
6) qonun hujjatlariga muvofiq taraflardan birining tashabbusiga ko`ra kontrakt muddatidan oldin bekor qilinganligi munosabati bilan;
7) harbiy-ta`lim muassasasidan o`qishdan chiqarilganligi munosabati bilan;
8) xizmat vazifasiga noloyiq bo`lib qolganda;
9) O`zbekiston Respublikasi fuqaroligidan mahrum bo`lishi munosabati bilan;
10) harbiy xizmatchi harbiy unvonidan mahrum etilishi munosabati bilan;
11) sud hukmi qonuniy kuchga kirganda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.”.
Moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“Harbiy xizmatchilar harbiy xizmatdan rezervga, harbiy hisobdan chiqarilgan taqdirda esa iste`foga bo`shatiladi.”.
Quyidagi mazmundagi to`rtinchi qism bilan to`ldiriladi:
“Rezervda bo`lishning belgilangan yosh chegarasiga etgan yoki harbiy-tibbiy komissiya tomonidan sog`lig`ining holatiga ko`ra harbiy hisobdan chiqarilgan holda harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan, shuningdek O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo`qotgan yoxud boshqa davlatning fuqaroligiga ega bo`lgan harbiy xizmatchilar iste`foga bo`shatiladi.”.