AsosiyJamiyat

Markaziy bank: Banklar mijozning plastik kartasi bloklanishi to`g`risida xabarnoma yuborishi shart

'Markaziy bank: Banklar mijozning plastik kartasi bloklanishi to`g`risida xabarnoma yuborishi shart'ning rasmi

Fuqarolar tomonidan ularning bank kartalari banklar tomonidan bloklanganligi bo`yicha (qonun hujjatlari talablariga muvofiq)bildirilgan e`tirozlar bilan bog`liq holatlar yuzasidan Markaziy bank quyidagilarni ma`lum qiladi.

Banklar tomonidan fuqarolarga ularning bank kartalari bo`yicha hisobvaraqlari bloklanganligi yoki xatlanganligi yoxud ushbu hisobvaraqlar orqali amaliyotlar o`tkazilishi to`xtatib qo`yilganligi to`g`risida xabarnoma yuborilmasligi, mijozlarga depozit xizmatlari ko`rsatishdagi insofsiz bank amaliyotlarining elementi hisoblanadi.   

Markaziy bank nuqtai nazariga ko`ra, har bir omonatchi (bank kartasi egasi) bank tomonidan depozit xizmatlarini ko`rsatish shartlari o`zgarganligi, shu jumladan depozit hisobvarag`i bloklanganligi yoki xatlanganligi sababli  bank unga o`z vaqtida xabarnoma etkazishini umid qilishga haqlidir. Bank esa o`z navbatida, mijozlar bilan o`zaro munosabatlarni etik xulq-atvor normalarga amal qilgan holda olib borishi hamda ularning hisobvaraqlari bilan bog`liq amallar to`g`risida o`z vaqtida xabardor qilishlari lozim.     

Shunga ko`ra, joriy yilning 26 oktyabr kuni Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan qonun hujjatiga kiritiladigan o`zgartirishlar tasdiqlandi. Unga ko`ra, bank tomonidan mijozning bank hisobvarag`i va (yoki) bank omonati, shu jumladan, bank kartalari bo`yicha (bank kartalaridan foydalanayotgan paytda “PIN-kod”ni noto`g`ri terilishi oqibatida blokirovkaga tushgan holatlar bundan mustasno) amaliyotlar to`xtatib qo`yilganda, amaliyot to`xtatilgan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda hisobvaraq yoki omonat egasiga uning hisobvarag`iga xizmat ko`rsatish to`xtatilganligi va uning sabablari yuzasidan xabarnoma yuborishi shart. 

Hozirgi paytda mazkur o`zgartirishlar belgilangan tartibda davlat ro`yxatidan o`tkazish uchun Adliya vazirligiga yo`llangan.

Boshqa yangiliklar