AsosiySalomatlik

Depressiya: tushkunlik bebaraka hayotga etaklaydimi?

'Depressiya: tushkunlik bebaraka hayotga etaklaydimi?'ning rasmi

Inson hayotida turli noxush holatlar, muammo va og`riqli vaziyatlar sodir bo`lib turadi. Tabiiyki ularga echim topishdagi qiyinchiliklar kishi ruhyatini zo`riqtiradi. Bunday vaziyatda ziqlik va o`ylov oqibatidagi stresslar yig`ilib depressiyaga olib kelishi mumkin. Shunday holatdan qutulish choralari haqida psixologlar nima deydi? Quyidagi shular haqida ma`lumot beramiz.

Sahifa eksperti: Zebiniso AHMEDOVA, psixolog, psixoterapevt

–Barchaning hayotida stressli voqealar uchraydi. Ketma-ket kelgan og`ir hayot zarbalari barchani birdek tushkunlikka etaklab ketmaydi. Stress holatidan o`zini himoya qilish uchun organizmda qo`rquv, kasallik kabilardan himoya qilish mexanizmlari ishga tushib sog`likni mustahkamlash va rivojlanish uchun maqsad qo`yadi. 

Ya`ni depressiya sizning rivojlanishingizni talab qilayotgan bir holat. Charchagan, och qolgan odam ovqatlanadi, uyqusiz yurgan odam, albatta, uxlab dam oladi. Depressiya ham stressdan charchagan organizmning biroz uxlab dam olishidir. Ammo, bu dam olish uzoq cho`zlib ketsa, miyada o`zgarishlar paydo bo`la boshlaydi. Miya o`zgarishlari orqaga qaytuvchi jarayon bo`lib, depressiyadan chiqish uchun inson oldinga qadam qo`ysa, miya yangilana oladi.

MEHNAT QOBILIYaTI YO`QOLIShI 

Saraton, qandli diabet, oshqozon-ichak yarasi kasali bor insonlar ham ishlash qobiliyatini saqlab qolishlari mumkin. Ammo, depressiyaga tushgan odamlarda hayotga qiziqish, ishlash va zavq olishga ehtiyoj ham yo`qolib boradi. 

Umuman olganda bizning asrimiz depressiya asri deb ataladi. Insonlarda intilmaslik, g`amli kayfiyat bilan yashash ko`payib bormoqda. Depressiyadan chiqish uchun “antidepressant” dorilarni qabul qilib usiz yashay olmaydigan bo`lib qolish ehtimoli ham ko`paymoqda. Axir antidepressant dorilar sizga iroda, zavq, maqsad, qiziqish, umid kabi qalb sirlarini tuhfa eta olmaydi-ku. 

 

NIMA QILMOQ KERAK?

Depressiyani engish uchun miya depressiv fikrlash rejimidan baxtli fikrlash rejimiga o`ta olishi kerak. Depressiya – bu irodasizlik, baxt – bu iroda, depressiya – bu kasallik, sog`lik – bu baxt, depressiya – bu yig`lash, baxt – bu tabassum. Sog`likni shakllantirish ham bilim, kasallik bilan fikrlash ham bu sizning miyangiz bilgan bilimlar to`plami holos. Qanday qilib kasallikda nolish, og`riqni enga olmasdan shifokordan-shifokorga yugurish ham miya ishlab chiqargan o`ziga hos maqsad va ehtiyojlar to`plamidir. 

Tushkunlikdan chiqish usullari

1 qoida. Ikki hil psixologiyali insonlar bo`ladi: birovlari “men kasalman” deyishsa, birovlari “men sog`lomman biroz charchoq kelibdi, o`tib ketadi” deb munosabat bildirishadi. 

Avvalo “mening astmam bor”, “mening qon bosimim bor”, “mening qandli diabetim bor” degan gaplaringizni o`zgartiring. “Mening astmam, qandli diabetim” deganingizda siz bu kasalliklarni o`zingizniki qilib go`yoki organizmingiz ularni mehmon qilib o`tirganga o`xshaydi. Siz bu kasallik adashib kelib qolibdi, endi uni kuzataman, degan fikrga keling va “Men sog`man, buning uchun kasalliklarni organizmimdan yo`qota olaman” deb maqsad qo`ying. 

2. O`zingizga rahm qilmang. Siz o`zingizni xo`rlangan, azoblangan, qiynalgan, ezilgan holda tasavvur qilishdan to`xtang. “Men omadsizman, mening kuchim etmaydi, kuchlilar meni ezib qo`yishadi” degan qo`rquvchi va o`zingizni qo`rqituvchi fikrlarni uloqtiring. O`zingizga shavqat qiling. Shavqat shuki, siz o`zingizni xurmat qilishingiz lozim. Bor imkoniyatingizga ishonch bildirishingiz lozim. 

3. Harakat, harakat va yana harakat.

Yosharmoqchimisiz – bu sog`lik demakdir. Zudlik bilan keliningiz qiladigan yumushlarni bajarishga kirishing. Zudlik bilan miyangiz harakat qiladigan bilimlarni toping. “Qilishni istamayman, qilishni xohlamasligimning o`zi depressiya bo`lsa qanday qilib aytganlaringizni qila olaman” deysizmi? Elkangizni o`zingiz ko`taring. Kutmang, so`ramang, qilib beringlar, demang! Kechgacha ovqat emasangiz, hech kim qilib bermasa sizda ovqat tayyorlashga kuch keladi. 

4. Orzu qiling. Orzu bu miyangiz kelajakda qanday kuchlar to`plab qo`yishi lozimligi haqida miyangizga xat yozishingizdir. Orzu qilavering, bu miyani ishga soladi.

5. Muloqot qiling. Hayotingizda tanigan kuchli insonlar bilan ko`proq suhbatlashing. Ular haqiqiy psixologlardir. Yoki xolisona sizni tinglay oladigan psixolog qabuliga murojaat qiling. Umuman olganda “depressiya” klinik holatdir, ya`ni uni shifokorlar xususan psixoterapevt echadi. Shuning uchun shifokor psixoterapevtga murojaat qiling. 

6. Musiqa tinglang. Sizning ahvolingizni tasvirlaydigan “ko`z yoshi bor” musiqadan boshlang. Endi bu “yig`lovchi va yig`latuvchi” musiqani joningizga tekkunicha eshtib, o`rniga to`y-bazm musiqasini qo`yib farqini bir oq qog`ozga yozing. Endi tanlang. Ichki musiqangizni o`zgartiring. 

7. To`yib uxlang. Yo`q, tushkunlikdagi uyqu bu ko`z yumib tush ko`rishdir. Siz shunchalik kun bo`yi yurib charchang va shunda miyangiz to`yib uxlaydi. Buning uchun 10 kilometr yurishingiz kerak. 

8. Bozorga boring. Bu gavjum bozordagi liboslarni ko`ring, hamma yaqinlaringizga qaysi kiyim mos kelishini bir o`ylang. Ulardan qanday yaxshilik ko`rdingiz? Ular sizni qanchalik qiynadi? Ular qanchalik sizga stress bag`ishlab sinovingizda tuhmatchi, azob beruvchi bo`lib aktyorlik qildi? Ularni kechirib yuboring. Umumiy tarzda “optomchasiga” kechiring. Ular sizga in`om qilgan og`ir va qaqshatgich kunlarning xotirasidan keching. Bozordan bitta oq ko`ylak sotib oling. Bu sizning yangi qalb libosingiz bo`lsin. Hech kimning og`ir gapi ruhiyatingizning oq libosiga yozilmasin. 

Farangiz OTABOEVA tayyorladi.

Boshqa yangiliklar