2019 yil 23sentyabr kuni soat 11:50 larda Namangan shahar bo`yicha IIO FMB 2-sonli IIB xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, Kamalov Xayrullo Sayfullaevich (ismi o`zgartirilgan), Namangan shahar, «Yuksalish» MFY hududida shartli xaridor D.Soliev (ismi o`zgartirilgan)ga maxsus ishlov berilgan 400.000 so`m pul evaziga bir bo`lak oq selofan paket parchasiga o`ralgan holdagi 3 bo`lak giyohvand moddani qonunga xilof ravishda sotganda ushlangan.
Tadbir davomida X.S.Kamalov ushbu moddani Namangan shaxar, “Yuksalish” MFYda yashovchi Alimardonov Nodir Sharipovich(ismi o`zgartirilgan)dan shatrli xaridor D.Soliev tomonidan berilgan 400.000 so`m pul evaziga sotganligi ma`lum bo`ldi.
Shu kuni soat 18:50da Namangan shahar 1-kichik tuman hududida joylashgan “Otchopar” o`yingohi oldida X.S.Kamalov, N.Sh.Alimardonov bilan uchrashgan. Xolislar ishtirokida N.Sh.Alimardonovdan nima maqsadda X.S.Kamalov bilan uchrashganligi so`ralganda, u xaqiqatdan ham X.S.Kamalovga 400.000 so`m pul evaziga bir bo`lak oq selofan paket parchasiga o`ralgan 3 ta bo`lak moddani sotganligini, ushbu puldan 300.000 so`mini shaxsiy extiyojlari uchun foydalangani, qolgan 100.000 so`m pul esa yashash xonadonidagi uyali aloqa telefon qutisi ichida turganligini ma`lum qilgan.
N.Sh.Alimardonovning ko`rsatmalariga asosan uning yashash xonadoni ko`zdan kechirilganda uyali aloqa telefon qutisi ichida 10.000 so`mlik ko`pyurada jami 100.000 so`m pul borligi aniqlanib, ushbu pullar OLD-41 uskunasi yordamida yoritilganda unda “nasha” so`zi va maxsus kukun bilan ishlov berilganligi aniqlangan.
Sudga oid narkologik ekspertning xulosasida N.Sh.Alimardonovdan olingan uch bo`lak turli xil o`lchamlardagi modda tarkibida giyohvandlik moddalar bir xil bo`lgan, jigarrang «Cannabis» o`simligiga xos hidli, quruq, qattiq holatdagi moddalar aniqlangan. Bu faol giyohvand modda tetragidrokannabinol bo`lib, “nasha” deb ataladi. Uning sof og`irligi 1,14 gr. ekanligi ko`rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan X.S.Kamalov va N.Sh.Alimardonovlarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov xarakatlari olib borilib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan Namangan shahar prokuraturasiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shaxar sudining hukmiga ko`ra X.S.Kamalov va N.Sh.Alimardonovlar O`zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 3-qismi “b” bandida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, ozodlikdan maxrum etish jazosiga tortildi.
A.A.Turg`unov, Namangan shahar bo`yicha IIO FMB 2-sonli IIB TB tergovchisi, mayor






