28 yil muqaddam, davlatimiz tarixidagi eng muhim voqealardan biri sodir bo`ldi. Erkinligimizning ramzi — mustaqil O`zbekistonning bayrog`i tasdiqlandi
Davlat bayrog`i O`zbekiston Respublikasining 1991 yil 18 noyabrdagi 407-XII-sonli «O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i to`g`risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i — bayroqning butun uzunligi bo`ylab o`tgan to`q moviy rang, oq rang va to`q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to`g`ri to`rtburchak shaklidagi matodir.
O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`idagi moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ining o`rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o`tkazilgan.
O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o`n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan.
Oq rangli yangi oy va o`n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning o`rtasidan 70x30 santimetrga teng to`g`ri to`rtburchakka sig`adigan qilib joylashtirilgan.
Oq rangli yangi oy vertikal holatda do`ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan bo`lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig`adi.
O`n ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sig`adi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, o`rta qatorda to`rtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.