Avval xabar berganimizdek, Chiroqchi tumani “Langar” MFY Tutli qishlog`ilik oilaning etti nafar a`zosi uy sharoitida tayyorlangan pomidor konservasidan zaharlanib, viloyat markazidagi shifoxonalarga yotqizilgan edi. Joriy yil 18 noyabr kuni 08.00da mazkur oila bekasi Yu.U. vafot etdi.
Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining xabariga ko`ra, sanitariya aviasiyasi xizmati orqali zudlik bilan poytaxtdan ham malkali mutaxassis chaqirtirilib, kerakli tavsiyalar olindi. Ammo ko`rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan 20 noyabr kuni 09.30 da mazkur oilaning katta farzandi, 2006 yilda tug`ilgan A.T. ham vafot etdi.
Eslatib o`tamiz, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga keltirilgan oila boshlig`i, uning turmush o`rtog`i va katta o`g`liga “Botulizm kasalligining og`ir darajasi. O`tkir toksemiya davri. Toksik neyropatiya. O`tkir nafas etishmovchiligi I darajasi” tashxisi qo`yilgan edi. Ayni paytda otaning ahvoli ham o`ta og`irligicha qolmoqda.
Oilaning qolgan to`rt nafar a`zosi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ularning ahvoli qoniqarli.