2019 yilning 20 noyabr kuni kech soat 2:30 lar atrofida Andijon viloyatining Buloqboshi tumani, “Shohguzar” MFY hududida yashovchi 1972 yilda tug`ilgan fuqaro Xasanboy Esonov xonadonida gaz va havo aralashmasidan chaqnash bilan bog`liq falokat sodir bo`ldi, deya xabar beradi “Hududgazta`minot” AJ matbuot xizmati.
Mazkur chaqnash oqibatida X.Esonovning turmush o`rtog`i S.Esonova 5 foiz, 2001 yilda tug`ilgan o`g`li O.Musurmonqulov esa 45 foiz tana qismining kuyishi oqibatida kasalxonaga yotqizilgan.
Ushbu ko`ngilsiz holatning sabablari “Hududgaz Andijon” MChJ va tegishli idoralar tomonidan o`rganilganda, fuqaro X.Esonov xonadoniga qo`lbola (yumaloq shakldagi) isitish moslamasi o`rnatib, unga 1,5 metr oddiy rezina shlang ulab foydalanishi hamda rezina shlangning emirilishi oqibatida, sizib chiqqan gaz xidini sezmasdan elektr chiroqni yoqib yuborishi oqibatida kelib chiqqanligi aniqlandi.
Hozirda, voqea yuzasidan tuman prokuraturasi va IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o`tamiz, kuni kecha o`zboshimchalik va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik oqibatida, Farg`ona viloyatida ham xonadon egasining mutlaqo xavfsizlikka zid ravishda, gaz quvuriga velosiped rezina kamerasi ulab qo`yishi natijasida mana shunday holat sodir bo`lgan edi.
“Hududgazta`minot” AJ va uning respublikadagi filiallari tomonidan, aholi o`rtasida gazdan va ayniqsa, is gazidan zaharlanish kabi baxtsiz xodisalarni oldini olishga qaratilgan ogohlantirishlarga qaramay, afsuski, fuqarolar tomonidan uskunalarni ishlatish yo`riqnomasi talablari va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinmasligi hamda o`zboshimchalik bilan ish tutayotganliklari oqibatida, ko`ngilsiz xodisalar kelib chiqmoqda.
“Hududgazta`minot” AJ yana bir bor gaz iste`molchilaridan ogoh bo`lishlarini, xonadonlaridagi mavjud barcha gaz uskunalaridan yo`riqnoma talablari va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilgan holda foydalanishlarini so`raydi.
Texnik nosozlik kuzatilganda darhol gaz ta`minoti korxonalariga “104”, “1104”, “71 200-08-04” raqamlari orqali murojaat etishni unutmang!