AsosiyJamiyat

SSV: O`zbekistonda 271 000 nafar qiz OPVga qarshi emlandi

'SSV: O`zbekistonda 271 000 nafar qiz OPVga qarshi emlandi'ning rasmi

O`zbekistonda OPVga qarshi emlashning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli va samarali yakunlandi.

Sog`liqni saqlash vazirligida yurtimizda odam papillomasi virusi (OPV)ga qarshi emlash kampaniyasining birinchi bosqich yakunlariga bag`ishlangan anjuman bo`lib o`tdi. Vazirlikning mas`ul xodimlari va soha vakillari ishtirok etgan tadbirni Sog`liqni saqlash vazirining birinchi o`rinbosari Bahodir Yusupaliev olib bordi.

Anjumanda qayd etilganidek, ko`plab davlatlarning odam papilloma virusiga qarshi vaksinani amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etish tajribasini e`tiborga olgan holda, joriy yilning oktyabr oyidan boshlab yurtimizda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti va YuNISEFning  qo`llab-quvvatlashi natijasida bachadon bo`yni saratoni keltirib chiqaruvchi OPVga qarshi vaksinani qo`llash yo`lga qo`yildi.

Emlash uchun yurtimizga 350 350 doza to`rt valentli “Gardasil” vaksinasi olib kelingan bo`lib, vaksina Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti va O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan kafolatlangan. Joriy yilda respublika bo`yicha 292 748 nafar 9 yoshli qizlarni emlash rejalashtirilgan bo`lib, shu yil 19 noyabrgacha ulardan o`z ixtiyoriga ko`ra, 271 000 nafardan ziyodi (92 foizi) emlash bilan qamrab olindi. Eng muhimi, ayni paytga qadar emlangan qizlarning birontasida vaksinaning nojo`ya ta`siri umuman kuzatilmadi.

Shu o`rinda aytib o`tish lozimki, bachadon bo`yni saratoniga qarshi OPV vaksinasi bilan emlash iqtisodiy jihatdan samarali bo`lib, aholi sog`lig`ini saqlashda muhim o`rin tutadi. Hozirgi kunda 100 dan ziyod davlatlarda OPV vaksinasi qo`llanilib, u 96 ta davlatning Milliy emlash kalendariga kiritilgan. 

E`tiborli jihati, malakatimizda har bir vaksina joriy qilinishidan oldin har tomonlama chuqur tahlil va sinovdan o`tkazilib, ko`zlangan ijobiy natijaga erishilsagina u amaliyotga joriy etiladi. Odam papilloma virusiga qarshi vaksina ham mamlakatimizda ilk marotaba 2006 yilda lisenziyalashdan oldin sinovdan o`tkazilgan. O`tkazilgan klinik tadqiqotlarda vaksina ayollarda saraton oldi kasalliklari va saratonning oldini olish bilan birga, reproduktiv funksiyalariga hech qanday nojo`ya ta`sir ko`rsatmasligi, aksincha reproduktiv funksiyani himoya qilishi aniqlangan. Shuningdek, 2010 yilda mamlakatimizda 8 ming nafar 9-15 yoshli qizlar orasida ushbu vaksina qo`llanilgan edi. O`tgan davrda qizlarda hech qanday salbiy o`zgarishlar kuzatilmadi va bu vaksina o`zini oqladi.

Tahlil natijalariga ko`ra, emlash evaziga kelajakda har yili 1100 ta kasallanish va bachadon bo`yni xastaligi bo`yicha 600 ga yaqin o`lim holatining kamayishiga erishiladi. 2050-2060 yillargacha aholining 90 foizi emlash bilan qamrab olinishi orqali O`zbekistonda bachadon bo`yni saratoni kasalligi to`liq bartaraf etilishiga erishiladi.

Ta`kidlash joizki, mamlakatimizda emlash ishlarining yaxshi yo`lga qo`yilganligi natijasida shol, bo`g`ma, go`daklar orasida qoqshol, bakterial meningit, 5 yoshgacha bo`lgan bolalar orasida rotavirus infeksiyasidan o`lim holatlari keskin kamayganligi hamda 18 yoshgacha bo`lgan bolalar orasida virusli gepatit V va qizilcha kasalliklarining qayd etilmasligiga erishildi. E`tiborli jihati, 2017 yilda esa JSSTning Evropa hududiy byurosiga a`zo bo`lgan 53ta davlatlar ichida oltinchi bo`lib, O`zbekistonga qizamiq va qizilcha kasalligi bartaraf etilganligi e`tirof etildi. Bundan tashqari, 2018 yil O`zbekiston bezgak kasalligining mahalliy holatlari bartaraf etilganligi to`g`risidagi xalqaro sertifikatni ham qo`lga kiritdi.

OPV vaksinasini qo`llash bo`yicha Milliy emlash kunlarining ikkinchi bosqichi 2020 yil aprel-may oylarida o`tkazilishi rejalashtirilgan.

 

Boshqa yangiliklar