1

Namanganlik ayol Buxoroda ettinchi marotaba sudlandi

Jinoyat 23.11.2019, 10:15
Namanganlik ayol Buxoroda ettinchi marotaba sudlandi

Jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro tuman sudida olti marotaba firibgarlik qilib xulosa chiqarmagan va ettinchi marotaba ham shu ishga qo`l urgan fuqaro ishi ko`rib chiqildi. Sud jarayonida "Darakchi muxbiri Laylo Hayitova ham ishtirok etdi...

Jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro tuman sudi raisi Nozim Jo`raevga ko`ra, 1983 yil Namanganda tug`ilgan Ch.S. ismli ayol Janubiy Koreyada ishlab yurgan buxorolik fuqaro Shuhrat Boboqulov bilan «Odnoklassniki.ru» orqali tanishgan va unga o`zini Nilufar Umrzoqova deb tanishtirgan.

Soxta Nilufar virtual olamdagi suhbatdoshini 2007 yil koreyalik fuqaro bilan turmush qurgani va erining Janubiy Koreya davlatida avtomobillarga ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan zavodi borligi haqidagi yolg`oniga ishontiradi. Shuhrat Boboqulovga turmush o`rtog`i Gulmira Abbosova, ukasi Shavkat Boboqulov, tanishi Nasiba Rahmatovani eriga tegishli ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan zavodga ishga joylashtirishini aytadi.

Shuhrat Boboqulovning turmush o`rtog`i Gulmira Abbosovani aldab, Janubiy Koreyaga borishlari uchun zarur bo`lgan hujjatlarni rasmiylashtirish evaziga 900 AQSh dollari miqdorida xarajat qilinishi lozimligini bildirgan va pullarni qo`lga kiritib, o`z ehtiyoji uchun sarflab yuborgan. Fuqarolarga moddiy zarar etkazib, firibgarlik jinoyatini sodir etgan.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, Ch.S. o`zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, Gulmira Abbosovaning ukasi Jalol Ziyodullaev hamda Doston Bo`stonovdan ham ularni ishga joylashtirish uchun zarur bo`lgan hujjatlarni rasmiylashtirish evaziga 600 AQSh dollari miqdoridagi naqd pullarni aldov yo`li bilan qo`lga kiritgan.

Sud majlisida sudlanuvchi aybiga iqror bo`lmasa-da, tergov-surishtiruv dalillariga asosan uning jinoiy qilmishi o`z isbotini topgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro tuman sudi Ch.S.ga Jinoyat kodeksi 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismining «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ish haqining o`ttiz foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Ma`lumot o`rnida: Sudlanuvchi Ch.S. muqaddam Jinoyat ishlari bo`yicha Sherobod, Yakkasaroy, Yunusobod, Chilonzor, Sergeli tumanlari hamda Bekobod shahar sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-modda (Firibgarlik) va 228-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) kabi moddalar bilan aybli deb topilib, jazo tayinlangan.

Avvalroq Namanganda muqaddam sakkiz marta sudlangan ayol yosh qizlarning taqinchoqlarini o`g`irlab yana bir bor jinoyat sodir etgani haqida xabar berilgandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1