Bugun “UzAuto Trailer” kompaniyasi “KAMAZ” IChAJ bilan hamkorlikda yangi KAMAZ avtomobillarining shassisini yig`ish liniyasini rasman ishga tushirdi. Tantanali marosim Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanovning O`zbekiston Respublikasiga ishchi tashrifi doirasida o`tkazildi.
Tadbir ishtirokchilarini Samarqand viloyati hokimi E. Turdimov, Tatariston Respublikasi Prezidenti R. Minnixanov, “O`zavtosanoat” AJ Boshqaruvi raisining urinbosari R. Yusupov, “KAMAZ” IChAJ bosh direktori S. Kogogin, “UzAuto Trailer” MChJ Bosh direktori A. Hojiboev va SSAB shved kompaniyaning vise-prezidenti Jonni Sorstem qutladilar.
Yangi yig`uv liniyasi umumiy maydoni 7,4 ming kv.m bo`lgan yangi ishlab chiqarish korpusida tashkil etilgan. Liniya zamonaviy texnologik va yordamchi jihozlar bilan ta`minlangan, ular yiliga 3 000 donadan ortiq yuk mashinalarini ishlab chiqarish imkonini beradi. Korpusda, shuningdek, gaz-ballon jihozi ishlab chiqarish va “KAMAZ” shassisiga o`rnatish uchastkasi ham tashkil etilgan.
Yangi liniyani tashkil etish mahalliylashtirilgan akkumulyatorli batareyalar, yoqilg`i-moylash materiallari, gaz ballonlari va mahalliy ishlab chiqarishga mansub boshqa butlovchi qismlardan foydalangan holda, “KAMAZ” shassisini ishlab chiqarishning yanada chuqurroq texnologik bosqichiga o`tish imkonini berdi.






