O`tgan 2018 yili 21 aprelda 15 milliard qarzdorligi uchun auksionga qo`yilgan bino keyinchalik Toshkent shahar hokimiyati tomonidan savdodan olinib, matbuotimiz vakillariga qaytarilgan edi.
O`sha vaqtda hozirgi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlangan edi. Ortiqxo`jaev ilk hokimlik vazifasini bajarishga kirishgan kunlari “Matbuotchilar uyi”ni jurnalistlarga qaytarib berib, matbuot ahlida iliq taassurot qoldirgandi.
Shuningdek, hokim mazkur “Matbuotchilar uyi”ni garovga qo`yib qarzga botirganlarning, o`zi qarzni to`lashi kerakligini bildirgandi.
O`shanda O`zbekiston Milliy axborot agentligining surishtiruvi natijasida quyidagi ma`lumotlar aniqlagan edi.
Ya`ni, O`zA muxbiriga “O`zsanoatqurilishbank” Mirobod tumani yuristining axborot berishicha, “Matbuotchilar uyi” Toshkent shahar “Toshbozorsavdo” uyushmasi tomonidan mazkur bankka garovga qo`yilgan.
So`rov yuzasidan “Toshbozorsavdo” uyushmasi vakilining dalolat berishicha, Toshkent shahar hokimiyati qarori bilan “Toshbozorsavdo” uyushmasiga kredit olish maqsadida garov ta`minoti sifatida “Matbuotchilar uyi” qo`yilgan. Biroq “Toshbozorsavdo” uyushmasi nodavlat, notijorat maqomga ega bo`lib, uyushma “Matbuotchilar uyi”ni garovga qo`yish huquqiga ega emas. Garovga qo`yish huquqi va qaror Toshkent shahar hokimiyati tomonidan 2016-2017 yillarda amalga oshirilgan.
Hokimiyat 2016-2017 yillarda bozorlarni ta`mirlash, qurish evaziga “Matbuotchilar uyi”ni, ya`ni ma`rifat maskanini qurbon qilgan. Aytishlaricha, kredit “Toshbozorsavdo” uyushmasi xarajatlari uchun olingan va sarflangan.
O`shanda qarzdorlik miqdori 15 milliard ekanligi aniqlangan, auksionda esa 18 milliard 750 ming so`m miqdorida sotilishi ko`rsatilgan edi.
Bu yil ham yana xuddi o`sha miqdordagi summa bilan bino auksionga qo`yildi. Aftidan “O`zsanoatqurilishbank”dan “Toshbozorsavdo” uyushmasi uchun olingan mablag`lar hamon qaytarilmagan ko`rinadi.
Oqibatda yana bu yil 18 noyabr sanasida ushbu bino E-ijro auksion ochiq auksioniga qo`yildi. Keyinchalik, bu ma`lumot ochiq auksion saytidan olib tashlandi. Manbalarning ma`lum qilishicha, bino auksionda sotilmaydi.
“Matbuot uyi” auksionga qo`yilgani haqidagi ma`lumot chiqqach, ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlar tomonidan norozilik fikrlari bildirilmoqda.
Shu vaqtgacha Navoiy ko`chasidagi 30-uy hamda “Matbuot uyi” o`zbek jurnalistikasi, matbuoti va noshirchiligi ramzi bo`lib kelmoqda.