Yaqin kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Organ xodimlari meni urdi va jinoyatni bo`ynimga olishimni talab qildi” nomli xabar e`lon qilingan edi. Ushbu holat bo`yicha Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov darakchi.uz’ga ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, G`ijduvon tuman prokuraturasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Organ xodimlari meni urdi va jinoyatni bo`ynimga olishimni talab qildi” nomli maqola o`rganilmoqda.
Unga ko`ra, 2019 yil 12 noyabr kuni G`ijduvon tumani “Sho`rcha” MFY “Sho`rcha” qishlog`ida yashovchi M.Fozilova tuman prokuraturasiga kelib, shu kuni soat 11:30 larda voyaga etmagan o`g`li F.Toshpo`latovni 31-sonli umumta`lim maktabida tanaffus vaqtida o`zini G`ijduvon tuman IIB xodimi deb tanishtirgan “Murod” va “Laziz” ismli shaxslar maktab direktori xonasidan olib ketgan. Ayolning o`g`lidan suv nasosi va tikuv mashinasini o`g`irlaganligini bo`yniga olishni talab qilib, yuz qismiga urib, nojo`ya so`zlar bilan haqorat qilganligini og`zaki ravishda bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan M.Fozilova ariza yozib berishdan bosh tortib, murojaatini Bosh prokuratura ishonch telefoniga qo`ng`iroq qilib qoldirganligini va o`g`li F.Toshpo`latovni sud-tibbiy ekspertizadan o`tishi uchun qaror berishni so`rab, tushuntirish xati yozib bergan.
Ushbu holat yuzasidan voyaga etmagan F.Toshpo`latovning tanasida jarohatlar mavjud yoki mavjud emasligiga baho berish uchun 2019 yil 12 noyabrda sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan va shu kuni uning og`zaki murojaati tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, G`ijduvon tumani, “Frishkent” MFY, “Sho`rcha” qishlog`ida yashovchi A.Toshpo`latov Bosh prokuratura ishonch telefoniga qo`ng`iroq qilib, voyaga etmagan, 2004 yilda tug`ilgan ukasi F.Toshpo`latovni 2019 yil 12 noyabr kuni G`ijduvon tuman IIO FMB 1-son IIB JQB tezkor vakillari M.Sharipov va L.Naimovlar urib tan jarohati etkazganligi haqidagi murojaati 2019 yil 18 noyabr kuni tuman prokuraturasiga kelib tushgan.
Tergovga qadar tekshiruvda 2019 yil 6 noyabrda G`ijduvon tumani “Sho`rcha” MFY “Sho`rcha” qishlog`ida yashovchi D.Raupovaning uyida noma`lum shaxs tomonidan o`g`irlik jinoyati sodir etilganligi holati yuzasidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha IIO FMB surishtiruvchisining yozma topshirig`iga asosan 2019 yil 12 noyabr kuni G`ijduvon tuman IIO FMB 1-son IIB JQB tezkor vakillari M.Sharipov va L.Naimovlar tumandagi 31-sonli umumta`lim maktabining 9-sinf o`quvchisi F.Toshpo`latovni 1-son IIBga olib kelib, pedagog-o`qituvchi ishtirokisiz suhbat olib borilganligi va IIB binosiga kelgan fuqarolarni kirish-chiqishlarni qayd qilish daftarida ham pedagog-o`qituvchining ro`yxatdan o`tmaganligi hamda voyaga etmagan F.Toshpo`latov va o`qituvchisidan tushuntirish xati olinmaganligi aniqlangan.
Tuman prokuraturasi tomonidan kecha, 2019 yil 26 noyabrda G`ijduvon tuman IIO FMB 1-son IIB JQB tezkor vakili M.Sharipovga nisbatan intizomiy javobgarlikka doir ish qo`zg`atilib, ko`rib chiqish uchun viloyat IIBga yuborilgan.
Shuningdek, M.Sharipov va L.Naimovlarning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanib, viloyat IIBga yuborilgan.
Mazkur holat yuzasidan G`ijduvon tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






