Xalqaro press-klubning 27 noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan Xalqaro matbuot markazida tashkil etilgan navbatdagi, jonli efir orqali efirga uzatilayotgan Press-koferensiyasi vaqtida elektr ta`minotida uzilish yuz berib, tadbir ishtirokchilari taxminan 5—7 daqiqa davomida chiroqsiz qolib ketgan.
Ushbu holat yuzasidan Xalqaro press-klub bosh prodyuseri G`ulom Samadov «Daryo» muxbiriga bergan izohida ushbu holatni «energetika tizimi ma`murlarining saylov jarayonlariga munosabati» deb atagan:
“Fikrimcha, Energetika vazirligi va uning quyi tizimi, Toshkent shahridagi elektr ta`minotiga mas`ul rahbarlar saylovlar jarayoni ketayotganini, saylov jarayonlari boshlanganini sezishi kerak. 20 sentyabrdan beri Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazida Xalqaro press-klub to`g`ridan-to`g`ri efirga chiqyapti, mas`ullarning bundan xabari bor. Ular jonli efirni ko`ryapti, «Yoshlar» radiokanali orqali tinglayapti.
Tadbir joyini muqobil energiya yoki boshqa zaxira bilan ta`minlashga ular mas`ul bo`lishi kerak. Biz ularga elektr energiya bilan ta`minlab berishlarini so`rab rasman murojaat qilmaganmiz. Shunday bo`lsa-da, mutasaddilar mas`uliyatni his qilishi kerak. Bugun kuzatilgan elektr ta`minotidagi uzilish haqida ular bizni ogohlantirmagan. Buni energetika tizimining saylov jarayonlariga, umuman, siyosiy voqealarga munosabati, deyish mumkin”.