2020 yilda O`zbekistonda yoshlar parlamenti tuzilishi mumkin. Yoshlar parlamenti a`zolari yoshlarga daxldor qonunlar tayyorlanishi, takomillashtirilishida senatorlar bilan birga ishtirok etadi.
Bu jarayonda ularning fikrlari inobatga olinadi. Bu haqda Senat raisi T. Norboeva gender va yoshlar masalalari bo`yicha hamkorlikni rivojlantirishga bag`ishlangan xalqaro forumdagi ma`ruzasida ma`lum qildi.
Toshkentda davom etayotgan gender va yoshlar masalalari bo`yicha xalqaro forumning yoshlarning taraqqiyotda tutgan o`rnini kuchaytirish, ularning tashabbus va salohiyatidan foydalanishga qaratilgan birinchi sessiyasi yakunlandi.
Sessiyada O`zbekiston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori o`rinbosari S. Mirziyoeva, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi A. Sa`dullaev ham so`zga chiqdi.
Ta`kidlanganidek yurtimizda yoshlar siyosati masalalari bo`yicha huquqiy baza takomillashtirilmoqda. Jumladan, bu yo`nalishda 40 ta normativ-huquqiy hujjat, 3 ta qonun, Prezidentning 5 ta farmoni, 8 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 18 ta qarori qabul qilindi.
Yoshlar bilan bog`liq deyarli 70 ta normativ-huquqiy hujjatga o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi. O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning o`sib kelayotgan avlod salohiyatini ro`yobga chiqarish borasidagi beshta muhim tashabbusini hayotga tatbiq etish bo`yicha izchil faoliyat amalga oshirilmoqda. Mamlakatda yoshlarning ijodiy rivojlanishi, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Forum ishtirokchilari xorijiy mamlakatlarda yoshlar manfaatlarini ro`yobga chiqarish, yoshlar tashkilotlari etakchilarini o`qitish va tayyorlash xalqaro dasturlarini amalga oshirish, Evropa, Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridagi yoshlar siyosatini amalga oshirish tendensiyalari haqida ham xabardor etildi.






