Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “O`zagrosug`urta” AJ hamda “Mikrokreditbank” ATB o`rtasida tuzilgan hamkorlik memorandumida qayd etildi.
Prezidentimizning 2019 yil 20 avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a`zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to`g`risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash doirasida O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “O`zagrosug`urta” AJ hamda “Mikrokreditbank” ATB o`rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumga ko`ra, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo`nab ketayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijda ishga joylashish xarajatlarini qoplash maqsadida bir yil muddatga 2 million so`m miqdorida mikroqarzlar taqdim etiladi.
Bunda mikroqarzlarni rasmiylashtirish jarayoni bir bank kunida amalga oshirilib, buning uchun pasport, ariza kabi minimal hujjatlar talab qilinadi.
Mikroqarzlarning yillik foizi 2019-2020 yillarda 10 foiz va 2021 yilda 12 foiz etib belgilangan.
Mazkur kreditlar O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “labour-migration” dasturiy majmuasida ro`yxatdan o`tgan mehnat migrantlariga beriladi.
Shuningdek, Mehnat vazirligi va “O`zagrosug`urta” AJ o`rtasida “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining hayoti va sog`lig`i sohasida hamkorlik memorandumi” imzolandi.
Ushbu hujjat bilan fuqarolarning chet elda vaqtincha ishlashi davrida ularning hayoti va sog`lig`ini sug`urtalash, sug`urta mukofoti miqdorini qoplash uchun 50 ming so`m miqdorida bir martalik subsidiyalar taqdim etiladi.
Ushbu sug`urta mablag`lari O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi hamda Bandlikka ko`maklashish davlat jamg`armasi hisobidan amalga oshiriladi.






