Surxondaryo viloyati hokimi To`ra Bobolov Boysun tumanining “Tangimush”, “Munchoq” mahallalarida bo`lib, shu erlik aholi bilan uchrashdi.
Aholini qiynayotgan muammolarni joyida aniqlash va ularga maqbul echim topish maqsadida o`tkazilgan ushbu uchrashuvda 191 nafar fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr, mulohaza va murojaatlar asosida mavjud muammolar o`rtaga tashlandi.
Xususan, elektr energiya, ichimlik suvi va tabiiy gaz ta`minoti, uy-joylarni ta`mirlash, uy-joy qurish uchun er maydoni ajratish, ijtimoiy hamda obodonlashtirish sohalaridagi muammolar ko`rib chiqildi.
Muloqot chog`ida ko`tarilgan aksariyat masalalarga shu erning o`zida echim topildi. Ma`lum vaqt talab etadigan murojaatlar bo`yicha esa viloyat hokimining qat`iy nazorati ostida tegishli tashkilot rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.
Misol o`rnida, “Tangimush” mahalla fuqarolar yig`ini hududidagi barcha ichki yo`llarni toshlash, mahalla hududida 2 ta yangi maktabgacha ta`lim muassasasini qurish, ichki zovurlarni tozalash, 34-umumta`lim maktabini mukammal tar`mirlash bo`yicha 2020 yil Investisiya dasturiga kiritish yuzasidan zarur chora –tadbirlar belgilandi.
Bundan tashqari, “Munchoq” mahalla fuqarolar yig`ini hududidagi ko`priklarni ta`mirlash va 3 km. ichki yo`llarda qora qoplama asfalt yotqizish, ushbu hududda 150 o`ringa mo`ljallangan maktabgacha ta`lim muassasasini qurish hamda tibbiy tayanch punktini mukammal ta`mirlab, tibbiy jihozlar bilan ta`minlash borasida belgilangan vazifalar ijrosi nazoratga olindi.






