Qashqadaryolik 54 yoshli ayol fuqarolik pasportida erkak bo`lib qolgani bois nafaqaga chiqolmay sarson bo`lmoqda. Bu haqda "Daryo"da yozilgandi. Qamashi tumani hokimligi axborot xizmati mazkur xabarga munosabat bildirdi.
Hokimlik axborot xizmatining yozishicha, ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida Qamashi tuman IIB Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limi boshlig`i, mayor Choriyor Mahmudov bilan suhbatlashilgan.
— Darhaqiqat, Bibixol Eshmirzaevaning fuqarolik pasportidagi jinsi ko`rsatiladigan joyga «erkak» deb ko`rsatib ketilgan, — deydi Choriyor Mahmudov. — 2015 yilda fuqaroga pasport berilishi vaqtida e`tiborsizlik sabab kompyuter bazasiga «erkak» deb kiritilgan. Ushbu holat yuzasidan murojaat qilinganda fuqarolik pasportiga jinsi ko`rsatiladigan joyga «ayol» deb kiritib berilgan. Biroq bazada «erkak» bo`lib qolavergan. Pensiyaga chiqish vaqtida fuqaro pensiya ta`minotiga borib, bazada ushbu pasport egasi «erkak» bo`lib turganini bilgan. 2019 yilning 23 oktyabrida fuqarolik pasportini qayta olish uchun murojaat qilgan Bibixol Eshmirzaevaga 2019 yilning 27 noyabr kuni fuqarolik pasporti berildi.
Ushbu holat yuzasidan e`tiborsizlik qilgan xodimga xizmat tekshiruvi tayinlandi.
Qamashi tuman pensiya jamg`armasi tuman bo`limi mutaxassisi ushbu holatga quyidagicha izoh beradi.
— Fuqaro Bibixol Eshmirzaeva bizga pensiyaga chiqish bo`yicha murojaat qilgandi. Fuqarolik pasporti bo`yicha ma`lumotlarni bazaga kiritish vaqtida jinsi «erkak» bo`lib chiqdi. Yurtimizda erkaklar uchun pensiyaga chiqish yoshi 60 yosh qilib belgilangan. Bazada erkak bo`lib kirtilgan fuqaro 60 yoshdan pensiyaga chiqishi lozim. Fuqarolik pasportidagi ma`lumotlar o`zgartirib berilsa, belgilangan tartibda pensiyaga chiqariladi.
— Xato hammada ham uchraydi. Biroq ushbu xatolarni vaqtida to`g`irlash lozimligini unutmasligimiz shart, — deyiladi tuman hokimligi axborot xizmati xabarnomasida.






