AsosiyJamiyat

Adliya vazirligi MDH Adliya vazirlari kengashi yig`ilishida ilk bor ishtirok etdi

'Adliya vazirligi MDH Adliya vazirlari kengashi yig`ilishida ilk bor  ishtirok etdi'ning rasmi

Joriy yilning 27 noyabr kuni Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo davlatlar Adliya vazirlari kengashining 14-yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqida vazirlik matbuot xizmati xabar berdi...

Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov ilk bor to`laqonli a`zo sifatida ishtirok etdi. Yig`ilish kun tartibidan aholiga davlat (ma`muriy) xizmatlari ko`rsatish mexanizmlari, fuqarolarga bepul huquqiy yordam ko`rsatish tizimini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashda vazirliklar rolini oshirish kabi masalalar o`rin oldi. Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo davlatlar Adliya vazirlari kengashi raisi, Belarus adliya vaziri Oleg Slijevskiy O`zbekiston tomoni o`zini mintaqadagi eng faol mamlakat sifatida namoyon etgani, O`zbekistonning Kengashga a`zo bo`lgani uni rivojlantirishga yangi sur`at va turtki bag`ishlashini qayd etib o`tdi.

Ruslanbek Davletov O`zbekistonda huquq va adliya sohalarida amalga oshirilayotgan so`nggi o`zgarish va islohotlar xususida so`zlab berdi. Vazir yig`ilish ishtirokchilariga fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta`minlash, aholiga davlat xizmatlari va huquqiy yordam ko`rsatish tizimini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan ishlar haqida ma`lumot berdi. Xususan, davlat xizmatlari markazlari orqali ko`rsatilayotgan xizmatlar soni geometrik progressiyada ortib borayotgani qayd etildi. Ushbu markazlar orqali 2018 yil davomida 5 mln.dan ortiq xizmatlar ko`rsatilgan bo`lsa (2017 yilga qaraganda 40 marta ko`p), ushbu ko`rsatkich 2019 yil boshida 10 mln.ga etdi.  

Adliya vaziri o`z so`zida ta`kidlaganidek, O`zbekiston bepul yuridik yordamni rivojlantirish sohasida muhim qadam qo`ydi. Joriy yilning aprel oyida ishga tushirilgan “Advice.uz” huquqiy axborot portali bunga misoldir, unda har kim onlayn tartibda bepul huquqiy maslahat olib, huquq sohasidagi turli savollarga javob olishi mumkin. Mazkur veb-resurs aholining huquqiy savodxonligini oshirishda muhim rol o`ynamoqda. Birgina olti oy davomida (joriy yilning may oyidan oktyabr oyigacha) “Advice.uz” (e-maslahat.uz) portaliga 50 mingdan ziyod foydalanuvchi kirdi, onlayn tartibida 11 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi.

“Advice.uz” (e-maslahat.uz) portalini qo`llab-quvvatlash va doimiy takomillashtirib borish maqsadida tashkil etilgan “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti mazkur tashabbusning mantiqiy davomi bo`ldi. Uning joylardagi bo`linmalari aholining keng qatlamiga bepul huquqiy maslahatlarni taqdim etadi.  

Adliya vazirligining O`zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardagi roli, avvalo, amaldagi qonunchilikda korrupsiya holatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimida boshqa qonun buzilishlari uchun sharoit yaratib beruvchi “oq dog`lar”, qoida va me`yorlarni aniqlashdan iborat ekanligi alohida qayd etildi.  

“Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaga sharoit yaratuvchi qoida va normalarni aniqlash maqsadida ularning tahlilini amalga oshirmoqda. Adliya vaziri buyrug`i bilan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazish metodikasi tasdiqlanib, uning asosida  

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazish amaliyotga tadbiq etildi. Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi ekspertiza o`tkazishning institusional asoslarini ishlab chiqmoqda. Ushbu yo`nalishdagi ishlar doirasida tez orada vazirlikda mazkur ekspertizani o`tkazish bo`yicha maxsus bo`lim ochish rejalashtirilmoqda.

 Armaniston, Belarus, Qirg`iziston, Rossiya va Tojikiston adliya vazirlari ham o`z mamlakatlarining yuqorida qayd etilgan yo`nalishlardagi tajribasi, mavjud muammolar va imkoniyatlar to`g`risida so`zlab berdi.

Yig`ilish yakunlari bo`yicha ishtirokchilar Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo davlatlar Adliya vazirlari kengashining 15-yig`ilishini 2020 yilning ikkinchi yarim yilligida Qirg`izistonda o`tkazish to`g`risida qaror qabul qildi.

Ma`lumot uchun: Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo davlatlar Adliya vazirlari kengashi Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo davlatlar rahbarlari va Hukumat rahbarlari kengashlarining organi hisoblanib, ularning vakolatiga kiruvchi funksiya va vazifalarni bajaradi, xususan, adliya vazirliklari bilan hamkorlik qilish, MDHga a`zo davlatlar qonunchiligini uyg`unlashtirish, a`zo davlatlarning huquqiy siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bo`yicha ma`lumot almashadi.  

 

 

    Boshqa yangiliklar