AsosiyJamiyat

Pasportida "erkak" deyilgani bois pensiyaga chiqolmayotgan ayolning mushkuli echim topdi

'Pasportida "erkak" deyilgani bois pensiyaga chiqolmayotgan ayolning mushkuli echim topdi'ning rasmi

Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani, Mayda mahallasi, Do`rmon qishlog`ida yashovchi fuqaro Eshmirzaeva Bibixol Abdirahmonovnaning pasportida erkak deb xato yozilgani bois uning pensiyaga chiqishida muammolar vujudga kelgani haqida avval xabar bergan edik. 

Fuqaroning joriy yil 26 noyabr kuni bergan murojaati ortidan o`tkazilgan o`rganishlar natijasida quyidagilar aniqlandi, deb xabar berdi Pensiya jamg`armasi matbuot xizmati.

1965 yil 19 avgustda tug`ilgan fuqaro B.Eshmirzaeva o`z murojaatida, 2015 yilning 2 avgust kuni Qamashi tuman Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limi tomonidan biometrik pasportidagi ma`lumotlar noto`g`ri berilganligini ma`lum qilgan. 

Qamashi tuman Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limining mas`ul mutaxassisi e`tiborsizligi tufayli, B.Eshmirzaevaning fuqarolik pasportida jinsiga oid ma`lumotlarda “ayol” o`rniga “erkak” deb qayd etilganligi va bu xatolikni to`g`rilatish uchun tuman Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limiga murojaat qilinganida, qayta suratga tushish va yana yangi pasportga to`lanadigan to`lovini amalga oshirish so`ralgan.

Xo`sh, bu xatolikning pensiyaga nima ta`siri borligi barchani qiziqtirsa kerak. Keling, yaxshisi bu kamchilikni oqibatlari ayollarning pensiyaga chiqishiga qanday to`sqinlik qilishi bilan yaqindan tanishsak:

Bugungi kunda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi hamda O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining idoralararo ma`lumot almashinuvi platformasi o`rtasida elektron axborot almashinuvi yo`lga qo`yilgan bo`lib, ushbu elektron almashinuv yordamida jami 3,6 mln. nafar (umumiy kontingentga nisbatan 98,2%) pensiya va nafaqa oluvchilarning shaxsiy ma`lumotlari solishtirib chiqilgan bo`lib, yangidan pensiya tayinlash jarayonida hududlardagi Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`linmasidagi jismoniy shaxslarning indentifikasiya raqamlari va pasport ma`lumotlari “Pensiya” dasturiy ta`minotida ko`rinadi.

O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi Qonunning 121-moddasida umumiy belgilangan yoshni bir yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqi tartibga solingan bo`lib, bunga ko`ra ushbu Qonun 37-moddasining “a”, “b”, “v” va “g” bandlarida nazarda tutilgan kamida yigirma yillik ish staji bo`lgan ayollar ellik to`rt yoshga to`lganda pensiya olish huquqiga ega bo`ladilar.

Demak mazkur Qonun talabiga ko`ra, bir yil oldin ya`ni, 54 yoshidan pensiya tayinlash uchun avvalo fuqaroning jinsi “ayol” bo`lishi kerak va undan keyingi talabi bo`yicha kamida 20 yillik mehnat stjiga ega bo`lishi zarurdir.

Yuqoridagi qonun talablari hamda idoralararo elektron axborot almashinuvi yo`lga qo`yilganligi bois, fuqaro B.Eshmirzaevaning fuqarolik pasportida jinsiga oid ma`lumotlari noto`g`ri (“ayol” o`rniga “erkak”) yozilganligi sababli 54 yoshdan pensiya tayinlash imkoni yo`qligi haqida Pensiya jamg`armasining Qamashi tuman bo`limi tomonidan fuqaroga tegishli tushuntirishlar berilgan.

Shundan keyin, fuqaro B.Eshmirzaeva bir necha marotaba Qamashi tuman Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limiga murojaat qilishiga qaramay, fuqarolik pasportidagi jinsiga oid ma`lumotlari to`g`rilab berilmaganligi natijasida pensiyaga chiqa olmayotganligini bildirib, “Daryo.Uz” ijtimoiy saytiga ushbu masalada amaliy yordam berishlarini so`rab murojaat qilgan.

Fuqaroning mazkur murojaatidan keyin Pensiya jamg`armasi Qamashi tumani bo`limi xodimlari yordamida Qamashi tuman Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limiga murojaat qilingan va shu yilning 26 noyabr kuni fuqarolik pasportidagi xato-kamchilik bartaraf etilib, shu kunning o`zida fuqaro B.Eshmirzaevaga yoshga doir (54 yoshidan) imtiyozli pensiya tayinlandi.

 

Boshqa yangiliklar