Joriy yilning 30 noyabr kuni Navoiy viloyati Zarafshon shahrida joylashgan "Miraj-1" bog`dorchilik dala hovlilarida yashovchi Lobar Mardova Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga qo`ng`iroq qilib, Vishnyova ko`chasi 9- uyning orqa tomonidagi oqava suvlarini tortib olish uchun mo`ljallangan 15 metr chuqurlikdagi o`raga, 2016 yilda tug`ilgan Dilnoza Maqsudova tushib ketganligini aytib uni chuqurdan olib chiqishda yordam so`rab murojaat qildi.
Voqea joyiga Zarafshon shahar Favqulodda vaziyatlar bo`limi boshlig`i podpolkovnik T.Eshmuratov boshchiligida leytenantlar R.Ahmedov, U.Husanovlar etib borishgan va ular zudlik bilan chuqur atrofi hamda chuqurning tuproq devorlari mustahkamligini o`rganib chiqishgan. Shundan so`ng leytenant U.Husanov arqon yordamida chuqurlikka tushirilgan va qizaloq arqon yordamida sog`-salomat yuqoriga olib chiqilgan.
Ko`zdan kechirilganda qizaloq sog`-salomat ekanligi aniqlangan va unga psixologik yordam ko`rsatilgan, shundan so`ng qo`shimcha tekshiruvdan o`tkazish uchun Zarafshon shahar Tibbiyot birlashmasiga jo`natilgan.
Hozirgi vaqtda qizaloq sog`-salomat, ota-onasi bag`rida.






