IMEI-kodlarni bepul ro`yxatdan o`tkazish uchun berilgan muddat tugadi. Siz telefoningizni ro`yxatdan o`tkazdingizmi?
Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari vazirligi IMEI-kod eng ko`p berilayotgan dolzarb savollarga yana bir bor oydinlik kiritdi.
1. IMEI-kod kim tomonidan ro`yxatdan o`tkaziladi?
IMEI-kod mobil qurilmani O`zbekiston hududiga olib kirgan yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan ro`yxatdan o`tkaziladi. Demak bundan ko`rinib turibdiki, mobil qurilmani sotib olayotgan fuqaro ro`yxatdan o`tkazishi shart emas. Ushbu qurilmaning ro`yxatdan o`tgan yoki o`tmaganligini bilish uchun:
1) UZIMEI rasmiy veb-sayti orqali;
2) 1170 qisqa raqamiga qo`ng`iroq qilish orqali;
3) USSD *1170# yoki SMS 1170 so`rovlari yordamida bilib olishingiz mumkin.
Agar siz sotib olayotgan mobil qurilma ro`yxatdan o`tmagan bo`lsa bilingki, bu qurilma O`zbekiston hududiga noqonuniy olib kirilgan bo`lishi mumkin, ushbu ma`lumot asosida siz huquqni himoya qiluvchi organlarga murojaat qilishingiz mumkin. IMEI-kod mobil qurilmani O`zbekiston hududiga olib kirgan yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan ro`yxatdan o`tkazilishi belgilangan.
2. IMEI-kod nima?
Mobil qurilmaning 15 xonalik seriya raqami IMEI-kod deyiladi. IMEI-kod SIM-kartalar ishlashini ta`minlovchi barcha mobil qurilmalarda mavjud bo`lib, SIM-kartaning har bir slotiga alohida beriladi. Agar mobil qurilmada SIM-kartalarning ikki yoki undan ko`p slotlari mavjud bo`lsa, ushbu mobil qurilma ikki yoki undan ortiq IMEI-kodlarga ham ega bo`ladi.
Demak, agar sizda ikkita SIM-karta bilan ishlaydigan mobil qurilmangiz bo`lsa, ikkita IMEI-kod olishingiz lozim bo`ladi.
3. IMEI-kod nimaga kerak?
• Mobil qurilmalarning IMEI-kodi/kodlarini tekshirish orqali sifatsiz, inson sog`lig`iga zarar keltiradigan va respublika hududiga noqonuniy yo`l bilan olib kirilgan qurilmalar savdosining oldini olish uchun;
• mobil qurilma yo`qolib qolgan yoki o`g`irlangan holatda uning qidiruv ishlarini tezkor amalga oshirish uchun;
• mobil gadjetlarni qo`llagan holda sodir etiladigan jinoyatlarni samarali va tezkor fosh etish uchun;
• soliq va bojxona tizimida korrupsiya xavfini qisqartirish uchun.
4. Qurilmaning IMEI-kodini qaerdan bilish mumkin?
IMEI-kod qurilmaning klaviaturasida *#06# buyrug`ini terish orqali bilib olish mumkin. Bundan tashqari, ushbu kod qurilmani qutisida, kafolat kartasida va ayrim qurilmalarning batareyasi ostida yozilgan bo`ladi.
5. Qachon ro`yxatdan o`tkazish kerak?
Qurilma orqali birinchi tarmoq hodisasi sodir etilgandan so`ng (ya`ni birinchi marta SIM-karta qo`yilganidan keyin) 30 kun ichida IMEI-kodi ro`yxatdan o`tkazilishi kerak. Hozirda foydalanilayotgan mobil qurilmalarning IMEI-kodi 1 noyabrgacha avtomatik ro`yxatdan o`tkazilgan (tekshirib ko`rishingiz mumkin).
Demak, mobil qurilmalar tizim operatoriga murojaat qilish orqali:
• 1 noyabrdan 1 dekabrgacha – bepul edi;
• 1 dekabrdan – to`lov asosida ro`yxatga olinadi.
Sotib olingan, ammo shu kungacha ishlatilmagan (yangi) mobil qurilmalar taqdiri nima bo`ladi?
Unday qurilmalarni, afsuski, jismoniy shaxslar endi ro`yxatdan o`tkaza olmaydilar. Yuridik shaxslar esa tizim operatoriga murojaat asosida, kerakli hujjatlarni taqdim etgandan so`ng, bunday qurilmalarni ro`yxatdan o`tkazishlari mumkin.
IMEI-kod qancha to`lov evaziga ro`yxatdan o`tkaziladi?
bitta IMEI-kodi uchun BHMdan foiz hisobida:
• import qiluvchi uchun – 20 foiz (44 600 so`m)
• ishlab chiqaruvchi uchun – 10 foiz (22 300 so`m)
jismoniy shaxs (rezident) uchun birinchi tarmoq hodisasidan boshlab:
• 30 kun ichida – 20 foiz (44 600 so`m)
• 30 kun o`tgandan keyin – 25 foiz (55 750 so`m)
jismoniy shaxs (norezident) uchun:
• chet el SIM-kartasidan (roumingdan) foydalanilganda – bepul
• mahalliy SIM-kartadan 30 kun ichida foydalanilganda – bepul
• mahalliy SIM-kartadan 30 o`tgandan keyin foydalanilganda – 20 foiz (44 600 so`m)
6. Tizim operatoriga qanday murojaat qilinadi?
Buning 5 ta yo`li bor:
1) uzimei.uz sayti orqali
2) my.gov.uz sayti orqali
3) 1170 raqamiga SMS yuborish orqali
4) *1170# ga USSD so`rov yuborish orqali
5) Pochta aloqa bo`limiga yoki tizim operatoriga (Sebzor, 18-A manziliga) shaxsan borish orqali
7. SIM-kartani o`zgartirganda, IMEI-kodni qayta ro`yxatdan o`tkazish kerakmi?
Yo`q. IMEI-kod 1 marotaba UZIMEI tizimida ro`yxatdan o`tkaziladi. SIM-karta o`zgartirilganda IMEI-kodni qayta ro`yxatdan o`tkazish talab qilinmaydi.
8. IMEI-kod kim tomonidan ro`yxatdan o`tkaziladi?
IMEI-kod mobil qurilmani O`zbekiston hududiga olib kirgan yuridik yo jismoniy shaxs tomonidan ro`yxatdan o`tkaziladi.
9. IMEI-kodning holatini qanday tekshirsa bo`ladi?
1) UZIMEI rasmiy veb-sayti orqali;
2) 1170 qisqa raqamiga qo`ng`iroq qilish orqali;
3) USSD *1170# yoki SMS 1170 so`rovlari yordamida.