2020-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasi muzeylarining inklyuzivligi dasturida taktil yo`laklar, ovozli xabar berish svetoforlari, metro bekatlarida maxsus ko`tarilish vositalarini o`rnatish nazarda tutilgan. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
Dastur imkoniyati cheklangan shaxslar, maktab yoshidagi bolalar, keksa tashrif buyuruvchilar va ularga hamrohlik qiladigan shaxslarning muzeylarga tashrif buyurishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan. Unda inklyuziv talablarni hisobga olgan holda quyidagi vazifalarni amalga oshirish nazarda tutilgan:
birinchidan, muzeylar va ularga tutash hududlar infratuzilmasini takomillashtirish. Ushbu maqsadlarda quyidagilar rejalashtirilmoqda:
- ma`muriy binolarga qo`yiladigan talablarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish (2020 yilning II choragiga kelib idoraviy NHH ishlab chiqiladi);
- taktil yo`laklar, muzeylarda ona va bola xonalarini tashkil etish, bekatlar va jamoat transportida audiovizual xabar berish tizimlarini joriy etish, ovozli xabar berish svetoforlari, metro bekatlarida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ko`tarilish vositalarini o`rnatish;
- tegishli uchastkalarda maxsus sirg`almaydigan qoplamali, jarohat etkazmaydigan ushlagich va panduslar o`rnatish. Tashkiliy tadbirlar keyingi yilning III choragidan boshlanadi ham muntazam ravishda davom ettiriladi;
ikkinchidan, inklyuziv xizmat ko`rsatish amaliyoti joriy qilinadi. U quyidagilarni o`z ichiga oladi:
- ko`zi ojizlar va yaxshi ko`rmaydigan tashrif buyuruvchilar uchun madaniy tadbirlarni tiflosharhlash amaliyotini joriy qilish (ko`zi ojizlar va yaxshi ko`rmaydigan tashrif buyuruvchilar uchun sodir bo`layotganlarni tasvirlab berish, tahr. izohi). Bajarish muddati – 2021 yil IV chorak;
- hid, tovush, musiqa orqali ongli va verbal tavsiflash mumkin bo`lgan eksponatlar ko`rgazmalarini tashkil etish (2020 yil III chorak) va boshqalar;
uchinchidan, muzey kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish. Xodimlar uchun imkoniyati cheklangan tashrif buyuruvchilar bilan o`ziga xos muomala qilish va zarur hollarda ularga birlamchi tibbiy yordam ko`rsatish ko`nikmasiga ega bo`lgan kadrlarni tayyorlash uchun maxsus kurslar tashkil etiladi. Tadbirlar 2020–2022 yillarga mo`ljallangan;
to`rtinchidan, 2021 yilda muzeylarning moddiy-texnika bazasi yangilanadi, xususan quyidagilar o`rnatiladi:
- sanitariya-maishiy binolarda maxsus kabinalar, taktil belgilar, xavf-xatardan ogohlantiruvchi signalizasiya tizimlari;
- sinxron tarjima uchun asbob-uskunalar;
- ko`zi ojiz tashrif buyuruvchilar uchun radiomayoqlar;
- muzeylarda tadbirlar o`tkazish chog`ida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus o`rindiqlar va boshqalar.