25 noyabr kuni soat 18:55 da Kogon shahrida yashovchi fuqaro Azamat Yodgorov ikki nafar farzandini Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTYoIM) Buxoro filialiga keltirgan. U farzandlarida tana haroratining ko`tarilishi, ko`ngil aynishi, qusish, holsizlik, uyquchanlik holatlari yuzaga kelayotganidan shikoyat qilgan.
Bolalarning ahvoli o`ta og`irligi inobatga olinib, «O`tkir respirator infeksiya. Og`ir kechuvi. Gipertermik sindrom» tashxisi bilan ular bolalar reanimasiyasi bo`limiga yotqizilgan. Bo`lim boshlig`i Bahriddin Mamedovning «Daryo»ga ma`lum qilishicha, olib borilgan davo choralariga qaramay, 2013 yilda tug`ilgan Amir Yodgorovda 29 noyabr kuni soat 13:00 da biologik o`lim qayd etilgan.
Qayd etish joiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda «Vafot etgan bolaning onasi murojaati» tarqalgan edi. Unda, jumladan, ota-ona farzandlarini shifoxonaga olib kelganida ularning faqat tomog`i og`rib, isitmasi bo`lgani, yarim tunda esa ular komaga tushib qolgani, oila boshlig`i Toshkentdan shifokorlarni o`z hisobidan chaqirtirgani ta`kidlangan.
«29 noyabr kuni o`g`lim o`ldi. Uning o`limidan so`ng uyimizga hamma — Kogon hokimi, prokuratura, sanepidemnazorat xodimlari keldi. Bizga o`g`limizning o`limiga is gazidan zaharlanish sabab bo`lgani haqida xulosa berishdi. Bu g`irt yolg`on! Shahar gaz idorasi xodimlari kelib, uyda hech qanday gaz sizishi bo`lmagani haqida dalolatnoma tuzib ketgan. Biz hali ham aslida nima bo`lganini va tashxis qandayligini bilmaymiz. Atrof to`la uquvsiz shifokorlar... Qizimizni qutqarib qolishga yordam bering! Biz viloyat hokimi O`ktam Barnoevning ushbu muammoga shaxsan aralashishini istaymiz», — deyiladi murojaatda.
Bemor bolalarning otasi Azamat Yodgorovning shifokorga aytishicha, farzandlaridagi holat 22 noyabr kuni boshlangan bo`lib, shamollash, tana haroratining ko`tarilishi, yo`tal va burun bitishi kabi belgilar bergan. Ammo ota-ona shifokorga murojaat qilmay, farzandlarini dastlab uy sharoitida davolagan. Davolashning foydasi bo`lmagach, RShTYoIM Buxoro filialiga olib kelgan.
— Shu kuni bolalarning otasi 2016 yil tug`ilgan qizi Aliyani og`ir ahvolda, es-hushi karaxt, holsiz, intoksikasiya belgilari yuqori darajada olib keldi. Qo`l-oyog`ida tonus kuchaygan, hansirab nafas olardi. Yurak tonlari bo`g`iq, yurak urishi tezlashgan, koma holatida edi. O`g`li ham o`z oyog`i bilan hush-behush yurib kelgan bo`lsa-da, bemorlik holatlari bir xil edi. Ikkisiga ham sanitar aviasiya yo`nalishi bilan RShTYoIMdan toksikolog, transfuziolog va reanimatolog, dosent Gulya Hamroeva, RShTYoIM Buxoro filiali direktori, bosh shifokor va bo`lim boshliqlari tomonidan konsilium o`tkazildi va tavsiyalar berildi. Amirga plazmoferez o`tkazildi, — dedi bolalar reanimasiya bo`limi boshlig`i Bahriddin Mamedov.
Mamedovning ta`kidlashicha, bemor bolalarni uch kun davomida uy sharoitida, shifokor maslahatisiz davolashgan. «Sinepar sirop», «Parasetamol» shamcha, yagurta ichimligi, «Reoksolin» vositalari orqali ularning haroratini 35,5 darajaga tushirishgan. Ko`p o`tmay, bolalar harorati yana 38—39 darajaga ko`tarilgan. Shunday og`ir holatda ham tanish hamshirani olib kelib, uy sharoitida «Seftiraksion» dori vositasini qo`llashgan.
— Ertalab bolalarini qaynonasiga topshirib, ota ishga jo`nagan. Bolalar televizor ko`rib, kompyuter o`ynashgan bo`lishsa-da, hol-behol bo`lishgan. Otasining aytishicha, betob nevaralariga qarab turgan buvi ularga uy sharoitida tayyorlangan baqlajon ikrasi hamda blinchik pishirib bergan. Bundan tashqari, o`sha kunlarda havo harorati pasaygani sababli xonadonda uyni isitish uchun tabiiy gaz plitasidan foydalanilgan. Bolalarda qusish kuchayib, isitma yana ham ko`tarilgan. Ota ishdan qaytgachgina, bolalarini kasalxonaga olib kelgan, — deya so`zida davom etdi shifokor.
Bolalar zudlik bilan muolajalar stoliga yotqizilgan. Har uch soatda ularda isitma, qusish, talvasa holati yuzaga kela boshlagan. Oshqozonlari yuvilib, qon va peshob analizlari Buxoro viloyat sud-tibbiyot ekspertizasiga jo`natilgan.
Konsilium natijalari asosida bolalarga «Is gazidan o`tkir zaharlanishning og`ir darajasi. Gipoksik bosh miya shishi. Miya komasi 2-darajasi. O`tkir nafas etishmovchiligi 3-darajasi. O`tkir yurak qon-tomir etishmovchiligi 3-darajasi. Talvasa sindromi» tashxislari qo`yilgan. Har ikki bemor ham koma holatida IVL apparatida vazopressor dori vositalari fonida davolangan. Davolashda qon komponentlari qo`yilgan, oksigenoterapiya, intoksikasiyaga qarshi va reanimasion chora-tadbirlar qo`llanilgan.
— Bolalar hayotini saqlab qolish uchun bor imkoniyatdan foydalandik. Nafaqat viloyat, balki sanitar aviasiya yo`nalishi orqali juda tezkor ravishda Buxoroga etib kelgan respublika darajasidagi eng tajribali shifokorlar ham jalb etildi. Afsuski, 6 yashar bola hayotini saqlab qolishning imkoni bo`lmadi. Ayni paytda 3 yoshli bemor ham og`ir, koma holatida. U IVL apparatida vazopressor dori vositalari fonida davolanmoqda, — dedi RShTYoIM Buxoro filiali direktori Majid Kenjaev.
Bolalarning otasi Azamat Yodgorov hamda amakisi Damir Jo`raev «Daryo» muxbiri bilan suhbatda shifokorlar ularning hayotini saqlab qolish uchun bor imkoniyatlarni qo`llashganiga qaramay, o`g`li vafot etganini achchiq hasrat bilan ta`kidladi.
— Malakali shifokorlar qizim atrofida. Allohdan shifo so`raymiz. Ammo bolalarim gazdan zaharlanmagan. Ular virusga chalingan. Ekspertiza xulosasini kutayapmiz, — deydi Azamat Yodgorov.
Ma`lumotga ko`ra, bolalarning onasi Dilyara Yodgorova 8 oylik homilasi bilan Buxoro viloyat perenatal markazida davolanmoqda.
— Sud-tibbiy ekspertizaga yuborilgan qon tahlilida 11,7 foiz karboksigemoglobin miqdori aniqlangan. Aytishim joizki, bizning vazifamiz bemorga qarash, uni komadan chiqarish, qanday ko`rinishdagi kasallik bo`lishidan qat`i nazar, muolajalarda davom etib, ularning sog`lig`ini ta`minlash, — deydi Bahriddin Mamedov.
Bolalar RShTYoIM Buxoro filialiga yotqizilgan kun viloyat rahbari O`ktam Barnoev bolalar reanimasiyasi bo`limiga kelgan va bolalar holidan xabar olgan.






